Oziq-ovqat allergiyasidan koʻproq bolalar aziyat chekadi

10:32 21 May 2022 Jamiyat
1399 0

Sut, tuxum, baliq, parranda goʻshti, sitrus mevalar.... Bularning barchasi — ming dardga davo neʼmatlar. Tarkibda hayot uchun zarur koʻplab vitaminlar mavjud.

Shunga qaramay, baʼzi insonlar bu shifobaxsh mahsulotlarni isteʼmol qilsa, hayoti va salomatligi xavf ostida qolishi mumkin. Xoʻsh, nega?

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bilan shu mavzu, yaʼni oziq-ovqat mahsulotlari allergiyasi xususida suhbatlashdik.

— Oziq-ovqat allergiyasi mahsulotlar tarkibidagi oqsillar, baʼzan oqisilsimon moddalar taʼsirida vujudga keladi, — deydi I.Razikova. — Uni maʼlum bir taom, yegulik yoki noz-neʼmat isteʼmolidan soʻng darhol paydo boʻladigan immunitet tizimi reaksiyasi sifatida baholash mumkin.

Odatda allergiyaning ushbu turidan koʻproq bolalar, xususan emizikli goʻdaklar aziyat chekadi. Kattalarda esa xastalik nisbatan kam uchraydi. Allergiyaning asl sababi immunitetning genetik darajada buzilishi hisoblanib, u nasl suradi yoki favqulodda paydo boʻladi.

Bolalardagi kasallik rivojlanishiga koʻpincha onaning homiladorlik yoki emizikli davrida notoʻgʻri ovqatlanishi sabab boʻladi. Aytaylik, ayol homiladorlik paytida haddan ziyod koʻp tuxum isteʼmol qilsa, oradan maʼlum vaqt oʻtib bolada aynan shu mahsulotga nisbatan allergiya paydo boʻlishi ehtimoli mavjud.

Bundan tashqari, chaqaloqning koʻkrak suti oʻrniga, sunʼiy aralashmalar bilan oziqlantirilishi yoki chala tugʻilishi, oshqozon-ichak tizimi, oʻt yoʻllari yoki jigar xastaliklari oziq-ovqat allergiyasini keltirib chiqaruvchi omillar sirasidan.

Qolaversa, sigir suti — allergen mahsulot. Tarkibida 40 dan ortiq oqsil guruhlari boʻlib, asosiy qismi kazeinlar va zardob oqsillaridan iborat. Unda allergiyaga sababchi boʻlishi mumkin boʻlgan f2, Bos d 4, Bos d 5, Bos d 6, Bos d 8, Bos d 9, Bos d 10, Bos d 11, Bos d 12 allergenlari mavjud.

Ularga 2-3 foiz emizikli bolalarda allergiya uchraydi. Oʻgʻil-qizlar 5 yoshga kirgach, 80 foizida mazkur holat yoʻqoladi. Olti yoshga kelib esa 100 nafar boladan 1 nafaridagina sigir sutiga nisbatan allergiya kuzatilishi mumkin.

Kattalar ham baʼzan bu turdagi allergiyadan aziyat chekadi. Misol uchun, ayrim kishilarda tamolarga hid, rang va taʼm bagʻishlash maqsadida solinadigan qoʻshimchalar, xususan, sariq-tillarang koʻrinish beradigan tartrazin allergik reaksiya paydo qiladi. Natriy nitrat, natriy glyutamat va salitsilatlarni ham shular sirasiga kiritish mumkin.

Oziq-ovqat allergiyasining xatarli tomoni, allergenning oz miqdori ham inson hayotiga xavf tugʻdirishi, anafilaktik shok holatini keltirib chiqarishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?