Oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborilmoqda

17:06 10 Iyul 2024 Siyosat
144 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning 54-yalpi majlisida oʻzini oʻzi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi ham koʻrib chiqildi.

2020-yilda aholini tadbirkorlik faoliyatiga yanada keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida mamlakatimizda oʻzini oʻzi band qilish instituti joriy etildi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan aholining murojaatlaridan kelib chiqib, oʻzini oʻzi band qilish, xususan, fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq toʻlash orqali pensiya uchun zarur mehnat stajini hisobga olish borasidagi ishlar holati oʻrganildi.

Oʻzini oʻzi band qilish tizimi “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonun, Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solingan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan 100 dan ziyod faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari mavjud.

Soliq kodeksiga muvofiq oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.

Soliq kodeksning 408-moddasiga asosan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq ixtiyoriy ravishda toʻlanadi. Shuningdek, ushbu moddaga koʻra oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar ijtimoiy soliq toʻlovini hisobot yilining 1-dekabrigacha amalga oshiradi.

Joriy yilning 6 oy davomida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar soni oshdi.

Aholining murojaatlari va tahlillar tizimda baʼzi muammolar borligini koʻrsatdi. Xususan, 2020–2023-yillarda roʻyxatga olinganlarning faqatgina
13 foizi ijtimoiy soliq toʻlovini amalga oshirgan.

Shuningdek, 2023-yilda aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan
65 mingga yaqin fuqarolarga oʻzini oʻzi band qilish uchun davlat tomonidan moliyaviy koʻmak, yaʼni 313 mlrd soʻm subsidiya ajratilgan boʻlib, daromad olish manbai yaratilgan boʻlsa-da, ushbu fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq toʻlovi darajasi pastligicha qolmoqda.

Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar tomonidan ijtimoiy soliq toʻlamaslik kelajakda ularning ijtimoiy himoyalanishi holati pasayishiga, yaʼni yoshga doir pensiya olish huquqidan mahrum boʻlishiga olib keladi.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam miqdorda soliq toʻlangan hollarda ularga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmayapti va ayni paytda toʻlangan summani soliq toʻlovchiga qaytarish amaliyoti ham yoʻlga qoʻyilmagan.

Norasmiy mehnat nafaqat mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy salbiy taʼsir etadi, balki inson hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadi, qariganda yoki mehnatga layoqatsiz boʻlib qolganda ijtimoiy himoyasiz qoldiradi.

Maʼlumki, Soliq kodeksining 408-moddasiga binoan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar hisobot yilining 1-dekabrigacha toʻlovni amalga oshirishi belgilangan. Amalda mazkur sanadan keyin (1–31-dekabr oraligʻida) soliq toʻlagan shaxslarga tegishli yil uchun mehnat staji hisoblanmagan.

Vazirlar Mahkamasiga yuborilayotgan parlament soʻrovida aholini qiynayotgan masalalarga yechim topish, qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga qulaylik yaratish soʻralmoqda.

Muhokama soʻnggida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?