Oʻzim ham koʻp yillar musofirchilikda yashab, ishlab, uysizlik azobini his qilganman — Prezident Bagʻdod tumanidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

15:23 28 Sentyabr 2021 Jamiyat
504 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-sentyabr kuni Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumaniga keldi.

Tumanda 218 mingdan ziyod aholi yashaydi. Uzoq vaqt qurilishga eʼtibor boʻlmagani tufayli odamlarning uy-joyga ehtiyoji yuqori edi. Shu bois oxirgi yillarda bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, tumanning Guliston mahallasida oʻtgan yili 7 ta koʻp qavatli uy qurilgan edi. Bu yil 61 ta shunday turar joy barpo etildi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.

Mahallada insonlar uchun kerakli hamma ijtimoiy obyektlar qulay joylashgan. Fuqarolar yigʻini binosi, yoshlar uchun kovorking markazi, savdo va maishiy xizmat majmuasi yonma-yon. 420 oʻrinli maktab, 150 oʻrinli bogʻcha, oilaviy poliklinika, madaniyat uyi, sport majmuasi barpo etilgan. Koʻp qavatli uylar oldida bolalar maydonchalari tashkil qilingan.

Hudud zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlangan. Ichki yoʻllar asfaltlanib, atrof obodonlashtirilmoqda.

Gulistonliklar tadbirkorlik, parrandachilik va dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Mahalla yaqinidagi kichik sanoat zonasi, yuz gektardan ziyod issiqxonalar buning uchun qulay sharoit yaratgan. Uyma-uy yurib, muammolar oʻrganilishi natijasida 205 nafar ishsiz fuqaro kichik sanoat zonasiga, yuzlab yoshlar issiqxona majmuasiga ishga joylashtirilgan.

Prezident shu yerda mahalla faollari, bagʻdodlik nuroniylar bilan suhbatlashdi.

– Hududlarimiz shunday rivojlanayotgani, odamlar uyli, ishli boʻlayotganini koʻrish menga xursandchilik bagʻishlaydi. Musofir boʻlmaguncha musulmon boʻlmas, degan gap bor xalqimizda. Oʻzim ham koʻp yillar musofirchilikda yashab, ishlab, uysizlik azobini his qilganman. Hozir ham odamlarning muammosini yuragimdan oʻtkazib, ularga yechim topish uchun oʻzimni qiynayman. Shuning uchun hamma joyda uylar qurayapmiz, mamlakatimizdagi har bir oila uyli-joyli boʻlsin, deb harakat qilyapmiz. Fuqarolar manfaati – mening manfaatim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari mahalladagi yangi uylardan biriga koʻchib kelgan Abduqahhor ota va Oyzoda aya xonadonida boʻldi. Ular toʻrt farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazgan.

Koʻpni koʻrgan bu insonlar bilan yoshlar tarbiyasi, bugungi taʼlim va tadbirkorlik imkoniyatlari, tinchlik va shukronalikning ahamiyati haqida samimiy suhbat boʻldi.

Ushbu mahalla namunasi asosida, Yozyovon, Oltiariq va Fargʻona tumanlarida ham 4-5 ming xonadonli “yoʻldosh” shaharchalar bunyod etish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?