Oʻzgarayotgan “Zebralar”

09:03 09 Iyul 2020 Sport
648 0

Xuddi La Ligada boʻlgani kabi Italiya A Seriyasida ham chempionlik masalasi oxirgi turlargacha nomaʼlum boʻlib qoladiganga oʻxshamoqda. Kecha 31-tur oʻyinlari davom ettirildi va muxlislar Italiya «klassiko»siga guvoh boʻlishdi: “Milan” — «Yuventus». Toʻgʻri, nom jihatidan bir necha yillardan beri oʻz markaziyligini yoʻqotib borayotgan bu qarama-qarshilikda favorit nisbatan aniq boʻlgan. Lekin soʻnggi bir yillik oʻyinlarga nazar solsak, milanliklarning asta- sekinlik bilan oʻz oʻyinlarini tiklayotganligiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Buni, ayniqsa, kechagi tur oʻyini isbotlab berdi. Ishonchli tarzda gʻalabani qoʻlga kiritayotgan Turin klubiga qisqa vaqt ichida ketma-ket 4 ta gol bilan javob qaytargan milanliklar oʻzlarining hujumkor va irodali oʻyinini yana bir karra isbotlagan boʻlsalarda, bu jihat bahsdan soʻng u qadar tilga olinmadi. Asosiy eʼtibor baribir «Yuventus»ning magʻlubiyati va Sarri toʻgʻrisidagi mish-mishlarga qaratildi, mashhur nashrlar endi klubning kamchiliklariga asosiy urgʻu berishmoqda. Zero, bu gaplarda yetarlicha asos bor. «Yuventus» garchi hozir ichki chempionatda bosh sovringa asosiy daʼvogar sanalayotgan boʻlsa-da, mavsum davomidagi oʻyinlarini bir tekisda ketyapti deyish qiyin. Dastlab, «Keksa senyoralar»ning Italiya kubogidan mahrum boʻlgani klub muxlislarida keskin noroziliklarni keltirib chiqargan ersa, keyinchalik «San-Siro»da uchralgan alamli magʻlubiyat Turin mutasaddilarini jiddiy oʻylantirib qoʻydi. Toʻgʻri, bu kabi kichik koʻringan muammolar balki, natijalar bilan yopilib ketar, ammo yaqin orada Yevrokubok bahslari borligini hisobga olsak, bular Turin klubiga ancha qimmatga tushishi mumkin. Jurnalistlar birinchi galda jamoa bosh murabbiyi Mauritsio Sarri ishlarida bir qator nuqsonlar borligini taʼkidlashmoqda. Darhaqiqat, italiyalik mutaxassisning klubda amalga oshirayotgan siyosatidan ayrim futbolchilar norozi kayfiyatda ekanliklari ham sir emas. Bunga sabab qilib bosh murabbiyning taktik sxemasida bir qator nuqsonlar koʻzga tashlanayotganligini keltirishimiz mumkin. «Yuventus» shunday jamoaki, uning yaxlit oʻzagi avvaldan shakllantirilgan. U milliy terma jamoaning asosiy yuzini koʻrsatib turuvchi klub hisoblanadi. Oldindan maʼlum bir qatʼiy shaklda oʻynashga oʻrgangan va oʻta hujumkor jamoa deb aytib boʻlmaydi. Sobiq murabbiylari davrida, ayniqsa, Massimiliano Allegri qoʻl ostida klub qatʼiy bir shaklga keltirildi. Lekin bir mavsum avval bosh murabbiylik lavozimiga kelgan Sarrining qarashlari boshqacharoq. U hujumkor futbol tarafdori, zero, sobiq jamoasi «Napoli» bilan ham buni isbotlagan edi. Darhaqiqat, oʻsha paytdagi neapolliklar rasmana “quturib” ulgurgan, «Yuve»ga har doimgidan ham koʻra jiddiy qarshilik koʻrsatadigan haqiqiy “ikkinchi jamoa” edi.

Sarri oʻzining rang-barang oʻyin uslubini keyinchalik “Chelsi”ga ham oʻtkaza oldi — bir mavsum davomida Yevropa Ligasi zabt etildi. Biroq «Yuventus»ni toʻliq uning tipidagi jamoa deyish qiyin. Albatta, Sarri umumiy 36 ta oʻyindan 31 tasida zafar quchdi. Lekin bu oʻtgan yilgi uzoq muddatli magʻlubiyatsiz seriyaga qaraganda ancha kichikroq statistika. Buning ustiga “Zebralar” mavsum davomida har doimgiga qaraganda koʻproq gol kiritishmoqda va nisbatan koʻproq gol ham oʻtkazib yuborishyapti. Jamoa asosi boʻlgan himoya chizigʻida, ayniqsa, restartdan keyin ancha jiddiy muammolar koʻzga tashlanyapti. Ushbu ampulaning asosiy oʻyinchilaridan biri Andrea Barzalli isteʼfoga chiqqach, klubni bu borada jiddiy transferlar kutib turardi. Demirel, Danilo va Delixt nomzodlari bilan tarkib toʻldirildi. Lekin Demirel yetarlicha oʻyin amaliyotiga ega boʻlmadi va bemalol bu transfer oʻzini oqlamadi deyish mumkin. Jarohatlar iskanjasida qolayotgan Danilo ham yangi klubiga kerakli paytlarda yordam berolmayapti. Kellini va Delixt kabi asosiy tarkib himoyachilarini diskvalifikatsiyasiz stabil ravishda asosiy tarkibda koʻrish baribir ham mushkul. Koʻrinib turibdiki, himoya chizigʻida yetarlicha zaxira boʻlmagani oqibatida kechagi kabi natijalardan ortiqcha ajablanish oʻrinsiz. Hujum zonasining kuchliligi evaziga bu kamchiliklar yopilib ketmoqda. Birgina Ronalduning oʻziga klub umumiy gollari sonining 40 foizdan ziyodi toʻgʻri kelishi juda katta natija albatta. Darhaqiqat, Sarri individual va kreativ oʻyinga koʻp eʼtibor berib yuborishi «Yuve» taktikasiga zid oʻlaroq xizmat qilganini bir nechta bahsda kuzatdik(«Napoli» bilan kubok finalidagi magʻlubiyat). «Sarribol» uslubini hech kim qoralamaydi, aksincha, murabbiyning futbolchilarni oʻziga moslashtirishga urinishi xato xolos.

Nima boʻlgan taqdirda ham «Yuventus» Italiya futboli bayroqdori hisoblanar ekan, muxlislar ham oʻz oʻrnida klubdan jiddiy va yirik natijalar kutib qolishadi. «Skudetto» ketma-ket zabt etilgach, navbatdagi manzil boʻlgan YECHL uzoq vaqtdan buyon orzuga aylangan. Soʻnggi yillardagi katta transferlar, rahbariyatdagi jiddiy oʻzgarishlar va sarflanayotgan mablagʻlar evaziga «Keksa senyoralar» yirik titullarga haqli jamoa. Bu mavsumda ham Andrea Anelli kamida finalni kutayotgan boʻlsa ajab emas. Kim biladi, “Lion”ga qarshi javob oʻyini orqali Sarri balki, oʻz taqdirini belgilab olar...

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?