«Oʻzbekneftgaz» AJ tizimda talon-tarojlikka yoʻl qoʻygan 11 nafar xodimni ishdan boʻshatdi

03:03 21 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
981 0

Arxiv surat

«Oʻzbekneftgaz» AJ «Maroqand neft bazasi»dagi talon-tarojlik sababli 11 nafar xodim ishdan boʻshatildi.

«Oʻzbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati xabariga koʻra, «Oʻzbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirigʻiga koʻra «Maroqand neft bazasi» MCHJ va uning filiallarida tekshiruv oʻtkazilgan.

Oʻrganish davomida «Maroqand neft bazasi» MCHJ va uning filiallarida Jamiyatning masʼul mansabdor shaxslari tomonidan yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmasliklari, moliyaviy qonunchilikka rioya etilmasligi hamda tashkilotning moliyaviy holatiga befarqligi oqibatida jiddiy moliyaviy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

Masalan, Jamiyat va uning filiallariga “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan vaqtinchalik masʼul saqlashga topshirilgan jami 23 mlrd 339 mln soʻmlik 3 219,0 tonna avtobenzin mahsulotlariga «xoʻjasizlarcha” munosabatda boʻlib, belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olinmasdan isteʼmolchilarga yuklab joʻnatib yuborilgan.

Buning natijasida yuzaga kelgan narx tafovutlari orqali Jamiyatga jami 2 mlrd 666 mln soʻmlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, tovar-moddiy qiymatliklar, asosiy vositalar va neft mahsulotlaridan jami 844,5 mln soʻm miqdorida kamomadlar aniqlandi.

Taʼkidlash joizki ayrim masʼullar tomonidan neft mahsulotlarining hisobini yuritish uchun moʻljallangan yoqilgʻi sigʻimlarining kalibrovka jadvallari atayin oʻzgartirilib kamomadlar yashirib kelingan.

Jumladan, Bulungʻur filialining masʼullari tomonidan 2020-yil 15-avgustdan 2021-yil 31-iyulgacha boʻlgan davrdagi 2 000 kub metr sigʻimda saqlanib kelayotgan Ai-80 K2-L avtobenzin mahsuloti oʻlchash jarayonlarida mahsulotning maʼlum balandligi (sm) boʻyicha hajm (litr) qoldiqlari notoʻgʻri koʻrsatilib kelinganligi natijasida, hisobot davri yakunlariga koʻra oʻtkazib kelingan xatlovlar xatolik bilan oʻtkazilgan, natijada 145 785 litrdan 750 918 litrgacha nomutanosibliklar xatlovlarda yashirib kelingan.

Neft mahsulotlarining saqlanishi boʻyicha oʻtkazilgan oʻrganishlarda Jamiyatning Bulungʻur filialida olib borilgan xatlovlar natijasida 308,6 mln soʻmlik 41 296 kg Ai-80 K2-L avtobenzini ortiqcha ekanligi aniqlandi.

Bundan tashqari, neft mahsulotlarini asossiz ravishda hisobdan chiqarish va ish haqidan boʻlgan qarzdorliklar boʻyicha jami 453,4 mln soʻm miqdorida moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlandi.

Jamiyat filiallari avtoxoʻjaligining mexaniklari va haydovchilari tomonidan jami 148,6 mln soʻmlik 24223 litr neft mahsulotlari asossiz ravishda hisobdan chiqarilgan. Masalan, Jamiyat avtoxoʻjaligi mexanigi va haydovchilari oʻrtasidagi kelishuv natijasida aslida gaz yoqilgʻisi bilan harakatlanishda boʻlgan yuk avtomashinasiga haqiqatda bajarilmagan qatnovlar boʻyicha yoʻl varaqalari rasmiylashtirilib, jami 18933 litr 117,1 mln soʻmlik benzin yoqilgʻisi mahsuloti noqonuniy hisobdan chiqarilgan.

Jamiyat va uning filiallarining 2021-yilning 1-sentyabr holatiga 33 mlrd 384 mln soʻm boʻlib, shundan muddati oʻtib ketgan debitorlik qarzdorligi 19 mlrd 843 mln soʻmni hamda bugungi kunda undirish “umidsiz” (korxonalar yopilishi, daʼvo muddatlarining oʻtishi va hokazo) boʻlgan qarzdorlik summasi 14 mlrd 234 mln soʻmni tashkil etmoqda.

Oʻrganish natijalariga koʻra, aniqlangan holatlarni bartaraf etish, xatolikka yoʻl qoʻygan shaxslarga tegishli choralar koʻrish, shuningdek, istiqbolda bunday salbiy holatlarga yoʻl qoʻyilishini oldini olish maqsadida amaliy takliflar va tavsiyalar berildi. Aniqlangan xato-kamchiliklarga huquqiy baho berish maqsadida maʼlumotlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

Oʻtkazilgan oʻrganishlar aniqlangan xato-kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yoʻl qoʻyilishini oldini olish maqsadida «Oʻzbekneftgaz» AJning tegishli departamentlari va neft baza jamoasi ishtirokida «Maroqand neft bazasi» MCHJda kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilish davomida xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻygan jami «Maroqand neft bazasi» MCHJning 11 nafar masʼul mansabdor shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 6 nafar xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanildi, shuningdek, xatoliklarni bartaraf qilish, kelgusida yoʻl qoʻymaslik, tegishli huquqiy baho berish va talon-tarojliklarni kamaytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?