Oʻzbeklar taomni nega laganda yeydi?

11:48 25 Noyabr 2022 Jamiyat
288 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini oshirishda hunarmandlarning ham alohida oʻrni bor. Zero, qoʻl mehnati asosida yaratilgan benazir milliy mahsulotlarimiz xorijlik mehmonlarning eʼtiborini jalb qilib kelayotgan asosiy omillardan biridir.

Andijonlik usta-hunarmand Ashurali Isroilovning aytishicha, kulolchilik ota meros boʻlib, hatto bobolari ham loy bilan tillasha bilgan. Butun vujudiga singib ketgan bu hunarning sir-asrorlarini oʻz shogirdlariga oʻrgatib kelayotgan Ashurali akaning ustaxonasidan tashrif buyuruvchilar arimaydi.

— Shunday paytlar boʻlgan, hunarmandchilik bilan shugʻullanish uchun sharoit tugul, ruxsat ham yoʻq edi, — deydi Ashurali Isroilov. — Davlatimiz mustaqillikka erishgach, bu boradagi xayrli ishlar koʻlami ortdi. Ayniqsa, Prezidentimizning oʻtgan yili hunarmandchilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilingach, Andijon viloyat hokimligi koʻmagi bilan Paxtaobod tumani hamda Andijon shahrida ustaxonamizni va savdo doʻkonimizni ochdik. Bundan tashqari  poytaxtda ham oʻz ustaxonamiz bor. 10 nafardan ziyod shogirdlar, qolaversa, oila aʼzolarimiz bilan kulolchilik hunarini ommalashtirishga hissa qoʻshib kelmoqdamiz.

Ashurali aka tomonidan shu kungacha 100 turdan ziyod mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Ayni paytda bir oyda oʻrtacha 10-15 mln. soʻmlik kulolchilik ishlari tayyorlanadi.

— Hozir sharoitlar yaxshi, — deydi hunarmand suhbatda davom etar ekan. — Avvallari respublikamiz boʻylab xomashyo axtarib yurardik. Endilikda Angrendagi keramika zavodi tomonidan tayyor xomashyo taqdim etilmoqda. Tayyor mahsulotni ham bozorlarda noqulay sharoitlarda sotishimizga toʻgʻri kelardi. Bugunga kelib Andijon shahridagi aholi gavjum hududlardan birida oʻz savdo doʻkonimizga egamiz.

20 yildan buyon Hunarmandchilar uyushmasi aʼzosi boʻlmish Ashurali akani xorijda ham yaxshi tanishadi. Boisi, qoʻshni davlatlarda oʻtkazib kelinayotgan hunarmandchilik koʻrgazmalarida juda faol. Qolaversa, Andijonga tashrif buyurgan Fransiya, Germaniya, Turkiya, Koreya kabi davlatlar fuqarolari bir chimdim loydan bunyod boʻlgan sanʼat asarlarini oʻzlari bilan olib ketadilar.

— Har bir mehmonga, u sayyoh boʻladimi yoki xaridor, kim boʻlishidan qatʼi nazar, mahsulotning vazifasidan tashqari ahamiyati haqida ham gapirib beraman, — deydi qahramonimiz. —Misol uchun, lagan (ayrim joylarda tovoq deyishadi)ni olaylik. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, quyuq ovqatlar, ayniqsa, osh faqat laganda isteʼmol qilinadi. Bugungi kunga kelib baʼzi oilalarda, hatto toʻylarda ham osh chinni kosalarda tarqatilishiga guvoh boʻlyapmiz. Aslida laganda taom isteʼmol qilishning ahamiyati juda katta. Oddiy misol, bir lagandan toʻrt kishi taomlanayotgan boʻlsa, ularning har biri oldidagi goʻshtni sherigiga ilinadi. Bu ham boʻlsa, oqibatning kichik koʻrinishi. Yoki boʻlmasa, lagandagi osh qolib ketmasin, qani olib qoʻyaylik, deya hamrohlar bab-barobar qoʻl choʻzadi. Hech kim avval qoʻlini artib, oʻrnidan turib ketmaydi. Bu – yakdillik, oʻzaro hurmat belgisi. Shu kabi biz eʼtibor bermaydigan jihatlar aslida insoniy fazilatlarimizni yanada boyitadi. Endi ayting, shu amallarni chinni kosada ovqatlanayotgan odam ham bajarishi mumkinmi? Afsuski, yoʻq! Bir soʻz bilan aytganda, lagan bizni hamjihatlikka, bir oila boʻlishga undaydi. Shuning uchun bu haqida mehmonlarga hikoya qilib berish bilan birga, albatta, oʻzim yasagan laganni ham sovgʻa qilaman. Sababi, oʻzbekona tarbiyani, qadr-qimmatni hammaga ulashishni, mehr-oqibatimiz davom etishini xohlayman.

Ashurali aka Isroilovning mehnatlari har doim munosib qadrlanib kelinmoqda. Jumladan, “Tashabbus” tanlovining Andijon viloyat bosqichida ikki marta gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, koʻp bora xalqaro koʻrgazmalarda eʼtirof etilgan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?