Oʻzbekistonning zaxira aktivlari 30 milliard dollardan oshib ketdi

16:00 12 Mart 2020 Iqtisodiyot
825 0

Oʻzbekistonning rasmiy zaxira aktivlari hajmi 1-mart holatiga koʻra 30,5 mlrd. dollardan ziyodni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Xalqaro zaxiralar 30 mlrd. dollarga teng boʻldi. Ayni paytda zaxiralarning deyarli barchasi monetar oltin(17,2 mlrd.) va xorij valyutasi(12,8 mlrd. dollar) koʻrinishida saqlanmoqda. Kuchsiz diversifikatsiya bilan bogʻliq ushbu muammo AQSH gʻaznachilik obligatsiyalarini sotib olish evaziga hal etilishi rejalashtirilyapti.

MB bu kabi maʼlumotlarni oshkor etishni boshlaganda()2017-yil kuz) rasmiy zaxiralar 30 mlrd. dollardan ortiq edi.

Taʼkidlash joiz, ular asosan oltin narxi qimmatlashishi hisobiga oʻsgan. Chunki tillaning oʻzi 2020-yil fevrali bilan solishtirganda 10,7 mln. troya unsiyadan 10,6 troya unsiyaga kamaygan(Maʼlumot uchun, troya unsiyasi banklar va zargarlar tomonidan qoʻllaniladigan ogʻirlik oʻlchov birligi boʻlib, 31,1034768 grammga teng). Agar bu tonnaga oʻgirilsa, qariyb 330 tonna deganidir.

Maʼlumki, zaxiralar mamlakatning “xavfsizlik yostiqchasi” hisoblanadi. Ular salbiy tashqi taʼsirlar(shoklar) holatida qalqon vazifasini bajaradi. Zaxiralarning yetishmovchiligi toʻgʻridan-toʻgʻri bunday taʼsirlarning xususiyatiga bogʻliqdir.

Oʻtgan yil kuz faslida Oʻzbekiston zaxiralari 13 oy davomida importni moliyalashtirishga yetishi maʼlum qilingandi.

Hozirgi zaxiralar esa 15 oylik importga yetadi. Bu xalqaro tashkilotlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tavsiya etilgan uch oylik muddatdan ancha koʻpdir.

Zaxiralarning ancha yuqori darajada ekanligi esa Markaziy bankka kelgusida salbiy hodisalar yuz bergan vaziyatda valyuta bozoridagi volatillikni yana-da faol cheklash imkonini beradi.

Eslatib oʻtamiz, MB oltinni oltin valyuta aktivlarini samarali boshqarish vazifalari, jumladan, xalqaro qimmatbaho metallar bozori tahlili hamda oltin narxi prognozlaridan kelib chiqib sotmoqda.

2019-yilda oltin valyuta rezervlari oʻzgarmas narxlarda 237 mln. dollarga koʻpaygan edi. Oʻshanda soʻmning AQSH dollariga nisbatan devalvatsiyasi 13,9 foizni tashkil etgan. Bu MB almashuv kursiga taʼsir etish uchun zaxira aktivlaridan foydalanmaganini anglatadi.

Maʼlumot uchun, xalqaro zaxiralarni hisoblash metodikasi Xalqaro valyuta jamgʻarmasining standartlari asosida yuritiladi. Xalqaro zaxiralarning tarkibi xorijiy valyuta aktivlari va quyma shaklidagi monetar oltindan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер