Oʻzbekistonning xalqchil va istiqbolli yangi yoʻli yuksak marralarga chorlaydi

10:33 14 May 2022 Jamiyat
342 0

Bugun butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Fargʻona viloyatida ham olamshumul islohotlar shiddat bilan davom etayotir. Yangicha hayot, yangicha nafas, yuksak obodonlashtirish ishlari juda yarashgan Fargʻona zaminida dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari bilan hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida amalga oshirayotgan ishlar ayniqsa, eʼtiborga molik.

Xususan, qishloq xoʻjaligi sohasida malakali xorijiy mutaxassislarning viloyatga jalb etilishi, oʻzaro tajriba almashinuvining yoʻlga qoʻyilishi, fermerlar, chorvachilik, baliqchilik, bogʻdorchilik hamda dehqonchilik xoʻjaliklarini manzilli qoʻllab-quvvatlash borasidagi Turkiya tajribasi oʻrganilishi, bu — yuksak elparvarlik, uzoqni koʻzlay bilish va kelajak avlod uchun qilayotgan gʻamxoʻrlikdir.

Demakki, fargʻonaliklarning dasturxoni yanada toʻkin, rizqi butun boʻlishi va hayoti yanada farovonlik sari koʻtarilib borishi uchun davlatimiz rahbari gʻamxoʻrligida shaxdam qadamlar tashlanyapti. Fargʻona viloyatini har tomonlama yetakchi hududga aylantirish, uning xalqini rozi qilish yoʻlida amalga oshirilayotgan bu kabi koʻplab saʼy-harakatlarga, amaliy ishlarga deyarli har kuni, har soatda guvoh boʻlmoqdamiz.

Bu yangilanish nafaqat Fargʻonada, balki kun sayin, soat sayin yanada rivojlanib, oʻsib borayotgan Oʻzbekiston boʻylab yuksaklarga boʻy choʻzmoqda. Yurtboshimiz tashabbuskorligida amalga oshirilayotgan ishlar, jamiyatning barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar, marralar hayratlanarli. Viloyatimizdagi bunyodkorlik ishlari, qurib bitkazilib, ishga tushayotgan yirik sanoat korxonalari, tadbirkorlar faoliyati, ilm axliga berilayotgan imkoniyatlar yoshlar kelajagiga qoʻyilayotgan qadamlar fikrimizning yorqin dalilidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy sohaga qaratayotgan eʼtibori ham bugun xalqimizga oʻzgacha kuch bagʻishlamoqda. Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi vodiy ahliga oʻzgacha kayfiyat baxsh etmoqda. Hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berayotgani barchamizga shijoat beradi, albatta.

Yaqinda yurtimiz boʻylab nishonlangan muborak Ramazon hayiti va 9-may Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan viloyatimizning barcha shahar va tumanlari masʼullari tomonidan yolgʻiz, boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, bemorlar holidan xabar olinib, ularga moddiy va manaviy koʻmak koʻrsatildi. 28 nafar Ikkinchi jahon urushi faxriysiga Prezidentimizning bayram tabrigi, 15 million soʻmdan pul mukofotlari, qimmatbaho sovgʻa hamda oziq-ovqatlar topshirildi.

Viloyatimizning shahar va tumanlarida 20 dan ortiq vazirlik va respublika idoralari rahbarlari va oʻrinbosarlari ishtirokida oʻtkazilayotgan sayyor qabullar jarayonida fuqarolarning bandlik, tadbirkorlik, bank krediti olish, uy-joy, moddiy yordam, subsidiyalar ajratish, biometrik pasport olish kabi koʻplab murojaatlari ijobiy yechim topdi. Demakki, davlatimiz rahbarining “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi shart” degan soʻzlari oʻz hayotiy tasdigʻini topayotir.

Hatto tumanlarning eng chekka qishloqlarida ham internatning muammosiz ishlashi, har bir tumanda innovatsion texnologiyalar markazlarining mavjudligi ham yuksalib borayotgan turmushimizdan dalolat.

Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha ezgu orzu-intilish va harakatlar, avvalambor, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratib berishga, uni mustaqil taraqqiyot yoʻlimizning samaralaridan bahramand etishga qaratilgandir. Bugun nainki xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati Oʻzbekistonning xalqchil va istiqbolli yangi yoʻli berayotgan natijalarga guvoh boʻlib turibdi. Shu maʼnoda, ulugʻ maqsadlar bilan Oʻzbekiston ertasini qurayotgan vatandoshlarimiz, mehnatsevar fargʻonaliklar koʻzida hayotdan rozilikni, yangi islohotlar tashabbuskori boʻlgan Prezidentimizga nisbatan yuksak ishonchini koʻramiz, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер