Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi rivojlantiriladi

11:30 23 Yanvar 2022 Jamiyat
751 0

Foto: President.uz

“2022–2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–98-son, 22.01.2022-y.) qabul qilindi.

Qaror bilan 2022–2024-yillarda Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Dastur doirasida belgilangan yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun jami 76 881,0 mlrd soʻm ajratiladi.

Shunga koʻra, mazkur yillarda jumladan quyidagi ijtimoiy va ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish nazarda tutilgan:

● 54 230 oʻquv oʻrni va 8 358 yotoq oʻrniga ega oliy taʼlim muassasalari;

● 259 101 oʻquv oʻrniga ega, 248 ta sportzaldan iborat umumtaʼlim, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;

● 88 310 oʻringa ega maktabgacha taʼlim tashkilotlari;

● 24 213 oʻringa ega sogʻliqni saqlash muassasalari.

Qaror bilan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha Respublika komissiyasi tuzildi.

Respublika komissiyasi Dasturda ishtirok etayotgan vazirlik, idora, xoʻjalik birlashmalari va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Dasturlar doirasida rejalashtirilgan mablagʻlarni ichki manbalar hisobidan jalb qilingan qarz mablagʻlari, xorijiy kreditlar va ular boʻyicha hisoblangan foiz toʻlovlarini qoplashga, shuningdek, obyektlar qurish uchun kreditlar ajratishga yoʻnaltirish taqiqlanadi.

Qarorga koʻra, 2022-yildan:

ikki yil muddatga vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning maʼmuriy binolarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha yangidan boshlanadigan loyihalarni (Prezident qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan, shuningdek, yangidan tashkil etiladigan shahar va tumanlarda joylashadigan loyihalar bundan mustasno) Oʻzbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritish taqiqlanadi;

kelgusi yillar uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirish jarayonlarida keyingi yillarga oʻtadigan loyihalar (obyektlar) soni bosqichma-bosqich qisqartiriladi va ularni tegishli moliyaviy yilda foydalanishga topshirish nazarda tutiladi.

2022-yilda yakunlanadigan taʼlim muassasalari obyektlari – 15-avgustgacha, sogʻliqni saqlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalar obyektlari – 1-oktyabrgacha, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari obyektlari – 1-dekabrgacha foydalanishga topshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер