Oʻzbekistonning inson huquqlari va soʻz erkinligi borasidagi strategiyasi maʼlum qilindi

13:58 23 Fevral 2021 Siyosat
237 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda inson huquqlari hamda soʻz erkinligi borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi hayotiy tashabbuslarning har biri dunyo hamjamiyati nigohi Oʻzbekistonga qaratilishiga sabab boʻlmoqda. Oʻtgan yillar davomida dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasiga tayangan Oʻzbekiston bugun oʻz yoʻli va tashabbuslari orqali ayrim rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlarga namuna boʻlmoqda. Inson huquq va erkinliklari kafolati borasida Oʻzbekistonda izchil amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar natijasida mamlakatni jahon tanimoqda va tan olmoqda.

Bunga bugun boʻlib oʻtgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maʼruzasida keltirib oʻtilgan fikrlar ham yaqqol misol boʻla oladi.

Davlatimiz rahbari oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonda demokratik oʻzgarishlarni yana-da chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida yettita yoʻnalishga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Jumladan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash Oʻzbekistondagi islohotlarda alohida ustuvorlik kasb etishi taʼkidlandi. 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashni koʻzda tutadigan “hech kimni eʼtibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Shu oʻrinda bu kabi bagʻrikenglik tamoyilining 2021-yilga moʻljallangan Davlat dasturida ham alohida vazifa sifatida kiritilganligini eʼtirof etish zarar. Eʼtiborli jihati shundaki, 2021-yil – “Yoshlarni qoʻllab quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 255-bandida 30-iyul – Xalqaro doʻstlik kunini yurtimizda “Xalqlar doʻstligi kuni” deb belgilash nazarda tutilgan edi. Mazkur band ham qisqa fursatlarda ijro etilib, joriy yilning 10-fevral kuni “Xalqlar doʻstligi kunini belgilash” toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni Prezident tomonidan imzolanib, keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Endilikda, Oʻzbekistonda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari Konstitutsiya va qonunlarida belgilangan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat sohalarida samarali mehnat qilishlari hamda “Xalqlar doʻstligi kuni”ni koʻtarinki ruhda nishonlashlari uchun yana bir huquqiy asos yaratildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan amaliy ishlar ham tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Joriy yilda Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga Davlatimiz rahbari oʻz maʼruzasida alohida ehtiyojga ega boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan tashabbuslarga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, mamlakatimizda Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi yangi qonun kuchga kirdi. Imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻz qobiliyatini toʻla roʻyobga chiqarish borasida bir qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu kabi masalalarni tizimli hal etish maqsadida Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etdi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston aholisining 65 foizidan ortiq qismini tashkil etgan yoshlar masalasi ham kun tartibidagi asosiy tashabbuslardan biri boʻldi. Soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarda yoshlarga oid Davlat siyosati doimo eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda.

Shu boisdan, joriy yil Oʻzbekistonda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb eʼlon qilindi. Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasini oʻtkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining oʻninchi forumida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini taqdim etish hamda Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish masalalarini hayotga tatbiq etishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Oʻzbekistonda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish boʻyicha ham qatʼiy choralar koʻrib kelinmoqda. Birgina oʻtgan yilning oʻzida 1995-yilgacha mamlakatga koʻchib kelgan fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligining berilishi natijasida 50 ming nafar vatandoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, bu yil 2005-yilgacha mamlakatga koʻchib kelgan yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega boʻlishi belgilab olingan.

Xulosa qilib aytganda, fuqarolik jamiyati institutlarini yana-da rivojlantirish, Oʻzbekistonda soʻz erkinligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni hamda Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmni joriy etilishi natijasida odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid boʻlgan qiynoqlarning har qanday koʻrinishlariga toʻlaligicha barham beriladi. Bu borada Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokoli ratifikatsiya qilinadi.

Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyachi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?