O‘zbekistonning ilk kaytsyorfing maktabi Qiziltepada ochilmoqda

18:57 23 May 2023 Sport
570 0

Arxiv foto

O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida sug‘orish maqsadlarida barpo etilgan To‘dako‘l suv ombori Qiziltepa tumanining O‘rtacho‘l hududida so‘lim maskanlaridan biriga aylanib bormoqda. Qariyb 21 ming gektar maydonni egallagan ko‘l sohillarida so‘nggi yillarda biri-biridan go‘zal dam olish maskanlari barpo etilib, hududning sayyohlik jozibadorligini oshirmoqda.

Shuningdek, Respublikamiz Prezidentining 2022 yil 5 avgustdagi "Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori asosida "To‘dako‘l" dam olish bazasi hududida maktabdan tashqari davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblangan Xalqaro shaxmat maktabi qurilishi belgilanib, ushbu muassasaning zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnik hamda o‘quv-mashg‘ulot bazalariga ega bo‘lishi nazarda tutilgan. Bugun maktabda qurilish va bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda.

Ayni kunlarda esa To‘dako‘lda yirik taqdimotga hozirlik ko‘rilmoqda. Joriy yilning 26 – 28 may kunlari ko‘l sohilidagi "Silk Road Family Resort" dam olish maskanida kaytsyorfing maktabi ochilishi munosabati bilan ushbu manzilda bir-qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, kaytsyorfing sportning ekstremal turlaridan biri bo‘lib, u bilan shug‘ullanuvchilar soni yildan yilga oshib bormoqda.

- Albatta, hozircha sportning ushbu turi bilan shug‘ullanish istagidagilar unchalik ko‘p emas, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Nasriddin Hayitov. – Biroq talab taklifni va o‘z navbatida taklif talabni uyg‘otishini inobatga olsak, sportning bu turi taklifimiz tufayli ommalashib ketishiga ishonchimiz komil. Eng muhimi, unga qiziquvchilar endi o‘z irodalarini allaqayerga borib sinab ko‘rishiga hojat qolmaydi.

Ochilish dasturiga maktab taqdimoti, kayt stansiyalar va mashg‘ulot plyajlari bo‘ylab sayohat, voleybol bo‘yicha turnir, quyosh botishi arafasida boshlanadigan ko‘ngilochar tadbir, shanba kunida basseyn oldida ko‘pikli tadbir kiritilgan.

Ishtirokchilar xohishiga ko‘ra veykbording bo‘yicha ham darslar tashkillashtiriladi. Shuningdek, quyoshning botishi arafasida mashg‘ulotlarning amaliy qismida qatnashish imkoniyati yaratilgan.


Temur ESHBOЕV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер