Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalari tashkil etiladi

11:14 14 Iyul 2022 Siyosat
309 0

Foto: Illustrativ foto

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Markaziy saylov komissiyasi axborot xizmati rahbari Murodilla Alimboyev maʼlum qildi.

Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha olib borildi:

— xalqaro kuzatuvchilar tavsiyalari va huquqni qoʻllash amaliyoti tahlillari asosida saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish;

— saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish masalalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

— saylov tashkilotchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;

— saylov jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy qilish;

— markaziy saylov komissiyasi faoliyati samaradorligini oshirish, Kotibiyati tuzilmasi va faoliyatini takomillashtirish;

— saylov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik bilan aloqalarni rivojlantirish va aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish;

— mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil ikkinchi yarim yilligiga moʻljallangan ish rejasi keng muhokama qilindi va tasdiqlandi.

Ikkinchi yarim yillikda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori saviyada tashkil etish Markaziy saylov komissiyasining ustuvor vazifasi ekanligi belgilandi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar munosabati bilan respublikada oʻtkaziladigan referendumga puxta tayyorgarlik koʻrishga doir masalalar ham koʻrib chiqildi.

Bu borada “Oʻzbekiston Respublikasi referendumi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlandi.

Referendumda qonuniylik, xolislik va ochiqlikni taʼminlashda kuzatuvchilarning faoliyati juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Referendum jarayonlarida kuzatuvchilar faoliyatini tartibga solish, ularning huquqlarini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi hamda Siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar qabul qilindi.

Shuningdek, avvalgi saylovlarda xorijdagi vatandoshlarimizning faol ishtirokini hisobga olgan holda, ularning referendumda ovoz berishda qulayliklar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?