Oʻzbekistonliklarning Rossiya Federatsiyasidagi mehnat faoliyati qonun doirasida rasmiylashtiriladi

08:09 21 Oktyabr 2020 Jamiyat
595 0

Bugun aksariyat yurtdoshlarimiz xorijda, xususan, Rossiya Federatsiyasida mehnat qilmoqda. Afsuski, ularni ijtimoiy himoya qilish choralari koʻrilmagan. Biroq, olib borilayotgan xayrli ishlar natijasida kelgusida bunday boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Xususan, Andijon viloyatida xorijda mehnat qilishni xohlovchilar uchun maxsus Migrantlar tayyorlash markazi tashkil etilmoqda. Buning uchun sobiq kollej binosini markazga moslashtirish ishlari olib borilyapti. Qolaversa, xorijlik ish beruvchilar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilmoqda. Jumladan, Rossiya Federatsiyada hamyurtlarimizning qonuniy mehnat faoliyatini tashkil etish, ularning huquqiy, ijtimoiy muhofazasini taʼminlash borasida bir qancha ishlarga asos solindi. Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti vakolatxonasi rahbari A. V. Kolesnikov hamda Malaka oshirish oʻquv markazining bosh direktori Yu. V. Nasonovlarning Andijon viloyatiga tashrifidan koʻzlangan maqsad ham shu masalalar ijobatiga qaratilgan.

Rossiyalik hamkorlarning viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan muzokarasi davomida ish beruvchilarning boʻsh ish oʻrinlari haqidagi talabnomalarini Tashqi Migratsiya Masalalari Agentligining Andijon viloyatidagi filialiga topshirish masalasi koʻrib chiqildi. Shuningdek, kelgusidagi hamkorlikning asosiy yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.

Aytish joiz, kelishuvlar natijasida dastlab 4,5 ming nafar yurtdoshlarimiz Rossiya Federatsiyasiga qonuniy tarzda ishlash uchun yuboriladi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер