Oʻzbekistonliklar Yangi yil bayramini qanday ob-havo bilan kutib oladi?

12:12 10 Dekabr 2020 Jamiyat
2932 0

“Xalq soʻzi” nashri Yangi yil bayramida Oʻzbekistonda qanday ob-havo kuzatilishi bilan qiziqdi va bu haqda maʼlumot olish uchun Gidrometeorologiya xizmati markazi (Oʻzgidromet)ga murojaat qildi.

Yangi yil bayramida ob-havo qanday boʻlishi haqida gapirishga hali erta. Hozircha faqat odatda dekabr oyi oxiri va yanvar boshlarida qanday ob-havo boʻlishi haqida maʼlumot berishimiz mumkin”, deydi markaz bosh sinoptigi Irina Zayseva.

Mutaxassisning maʼlumot berishicha, Yangi yilda har doim ham qor yogʻavermaydi. Statistika maʼlumotiga koʻra oʻrtacha 3-4 yilda bir marta yogʻingarchilik kuzatiladi, bu ham qor emas.

Oxirgi 50 yilda toshkentliklar Yangi yilni qor bilan 1992, 1984, 1972-yillarda kutib olishgan. Shu yillarda yakunlanayotgan yilning dekabr oyining soʻnggi kuni ertalab qor boʻlmagan. Yangi yilning 1-yanvarida esa yerni 10-20 sm qalinlikda qor qoplagan.

Oxirgi marta biz 2007-yilni qor bilan kutganmiz. Qor yogʻishi Yangi yil kechasi boshlanib 1-yanvar kun boʻyi davom etgan. Bu oxirgi 10 yil ichidagi eng chiroyli qorli Yangi yil boʻlgan.

2006 va 2016-yilning birinchi kunida kuchsiz qor kuzatilgan, yaʼni yer yuzini ozgina qoplagan. Qolgan oxirgi oʻn yillikda Yangi yil arafasida qor yogʻmagan.

Havo harorati toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, eng sovuq harorat Toshkentda 1889-yil yangi yil kechasi boʻlgan. Oʻshanda tunda havo harorati — 28 daraja sovuq boʻlgan.

Oxirgi yillarda bunday past havo harorati Toshkentda qayd etilmagan. Oxirgi 50 yilda eng past havo harorati (—13 daraja) 1991-yil 1-yanvarda kuzatilgan.

Mutaxassislarning bildirishicha, bu yilgi dekabr harorat koʻrsatkichlari boʻyicha oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqin boʻlishi kutilmoqda.

Oy davomida haroratning kechasi 0-5 daraja sovuqdan 2-7 daraja iliqqacha, kunduzi 0-5 daraja iliqdan 10-15 daraja iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda. Respublikamizning shimolida tunda 8-10 daraja sovuq boʻlishi mumkin. Oyning ikkinchi yarmida esa 12-15 daraja sovuq boʻlishi mumkin.

Dekabrda yogʻingarchilik yomgʻir qor koʻrinishida boʻladi. Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchilikli kunlar oʻrtacha 5 kundan 13 kungacha tashkil qilishi mumkin. Bir kecha kunduzda maksimal yogʻinlar miqdori sutkalik meʼyordan ancha koʻp boʻlishi mumkin. Oxirgi 10 yil ichida namgarchilik koʻp boʻlgan dekabrlar 2013, 2016, 2019-yillarda qayd etilgan, Masalan, 2019-yil 22-dekabrda maksimal sutkalik yogʻinlar miqdori Toshkentda 34 mm ni tashkil qilgan.

Bu yilgi dekabrda oylik yogʻinlar miqdori meʼyor atrofida, ayrim joylarda meʼyordan yuqori, shimolda esa ayrim joylarda meʼyordan past boʻlishi kutilmoqda (Toshkentda dekabr oyi uchun yogʻinlar 59 mm ni tashkil qiladi). Yogʻingarchilik oy davomida vaqti-vaqti bilan kuzatiladi.

Mazkur maʼlumotlar taxminiy boʻlib, aniq ob-havo maʼlumoti bayramdan biroz avval maʼlum boʻladi.

Kunlik ob-havo maʼlumotlari saytimiz orqali muntazam eʼlon qilib boriladi.

Inobat AHATOVA, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?