Oʻzbekistonliklar uchun ichki sayohatlar 40 foizgacha arzonlashtiriladi

Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni doirasida ichki turizmni ragʻbatlantiruvchi choralar belgilandi. Unga koʻra, yangi joriy etilayotgan aviaqatnovlarga chiptalar Oʻzbekiston fuqarolariga 25 foiz arzon sotiladi, agar ushbu chipta turoperator orqali xarid qilinsa, ushbu chegirma miqdoriga 15 foiz qoʻshilib, umumiy 40 foizlik chegirma taqdim etiladi.
Shu bilan birga, turoperator orqali xarid qilingan mehmonxona xizmatlari ham 10 foizga arzonlashtirilgan narxda sotiladi. Bundan tashqari, xizmatlarni kompleks koʻrsatuvchi turoperatorlar korporativ narxlarda boshqa xizmatlarni ham arzonlashtirib berishi koʻzda tutiladi.
2021-yil 3-fevraldan yoʻlga qoʻyilgan «Urganch — Fargʻona — Urganch» aviareysi eng arzon narxi — 920 ming soʻm. Mahalliy sayyoh ushbu chiptani bevosita aviakassadan sotib olganda chipta narxi 25 foizga arzonlashib, 690 ming soʻmni tashkil qiladi. Turoperator orqali xarid qilganda esa, yana 15 foiz chegirma taqdim qilinib, chipta narxi 587 ming soʻmni tashkil qiladi — 333 ming soʻm chegirma taqdim qilinmoqda. Xuddi shu kabi turoperatorlarga yoʻlga qoʻyilayotgan temir yoʻl qatnovlaridagi chiptalarga ham 15 foizlik chegirma taqdim etiladi. Bunda Termiz — Samarqand yoʻnalishidagi 108 ming soʻm turadigan chipta narxi 92 ming soʻmni tashkil qiladi. Oʻz navbatida, fuqaro turoperator orqali mehmonxonani bron qilsa, shartli ravishda “Oʻzbekiston” mehmonxonasidagi 1 kishilik standart xona narxi 270 ming soʻmni tashkil qilsa, bu fuqaro uchun turoperatorga taqdim qilingan korporativ narxlar asosida 200 ming soʻmni tashkil qiladi.
Yuqoridagi 10 foiz chegirma hisobiga esa mehmonxona narxi 180 ming soʻmga aylanadi. Yakunda tashkil qilingan mexanizmga koʻra, 270 ming soʻm turuvchi mehmonxona 90 ming soʻmga arzonlashmoqda. Masalan, ushbu xizmat Fargʻona shahridagi “Ziyorat” mehmonxonasida 180 ming soʻmga taqim etiladi, turoperatorlar korporativ narxlarda 150 ming soʻmdan olishib, 10 foizlik chegirma hisobiga mahalliy sayyohga 135 ming soʻmga taqdim qiladi. Bunda turistik yigʻim miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 0,4 foizini tashkil etib, 980 soʻmni tashkil qiladi. Oʻz navbatida, turistik yigʻimdan tushgan mablagʻlar toʻligʻicha ichki sayohatlarni ragʻbatlantiruvchi dasturlarga yoʻnaltiriladi. Qonunchilikka koʻra, mehmonxona yigʻimlari soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.
Xorijiy davlatlarda turistik yigʻim mahalliy fuqarolar uchun oʻrganib chiqilganda misol tariqasida Ukraina davlatida bir kunlik yashash oʻrtacha 30 grivna (yaʼni 11 400 soʻm)ni tashkil qiladi. Bu tajriba Serbiyada ham qoʻllaniladi. Ushbu shakllantirilgan mablagʻlar ichki turizmni rivojlantirish va targʻib qilish maqsadida sarflanadi. Bunda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, hozircha asosiy urgʻuni ichki sayohatlarga qaratish va ichki turizmni markazlashgan tartibda keng targʻibot qilish maqsadga muvofiq. Taʼkidlash joizki, sayyohlar oqimini qayta shakllantirish mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalari, transport korxonalari, hunarmandlar, turoperator va gidlar bandligini taʼminlash yoʻlida xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring