Oʻzbekistonlik yosh olimning ilmiy ishi xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi

14:12 24 Sentyabr 2022 Jamiyat
1008 0

San Diego universiteti Ilmiy kengashi

Samarqandlik yosh tadqiqotchi Muhammadxon Soliyevning qishloq yoshlarining ishga kirish va amaliy koʻnikmalarini oshirish boʻyicha qilgan ilmiy ishi Amerika va Kanada olimlari tomonidan muhokama qilindi va yuksak eʼtirof etildi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining mustaqil izlanuvchisi, hozirgi kunda San Diyego universitetida maʼruza oʻqiyotgan va ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olim Muhammadxon Soliyev, oʻz ilmiy ishini Amerika Qoʻshma Shtatining eng nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri — San Diyego universitetining ilmiy kengashiga taqdim etdi. Mazkur izlanish mamlakatimizda dolzarb boʻlgan muammolardan biri “Qishloq joylardagi ishsizlik va qanday qilib qisqa kurslar (asosan xorijiy tillar va IT sohalarida) tashkil etgan holda qishloq yoshlari til va zamonaviy kasblarni egallashga taʼsiri” mavzusida boʻlib, bunda qishloq hududlaridagi ishsizlik masalasi global statistikasi ham chuqur tahlil qilingan.

San Diyego universiteti Amerikaning Biznes sohasida eng kuchli 20 ta oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, 1897-yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda 35 mingdan ziyod talaba 300 dan ortiq yoʻnalishda tahsil olayotgan mazkur universitetdan soʻnggi 100-yil ichida koʻplab olimlar, Nobel mukofoti laureatlarni chiqargan.

AQSHning Xalqaro Aloqalar ilmiy izlanish milliy instituti direktori Nansi Nikolson xonim mazkur ilmiy izlanish haqida soʻzga chiqib quyidagilarni aytdi: “Quvonarlisi mazkur ilmiy ish faqat nazariy tahlil emas, balki amaliyotga bevosita tatbiq etiladigan aniq instrumentlar va yoʻnalishlarni oʻz ichida mujassamlashtirgan”.

Muhammadxonning ilmiy rahbari Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali direktori oʻrinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori Farhod Ahrorov aytishicha, hozirgi kunda oʻzbek olimlari qilayotgan yangiliklarning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi bu soʻnggi 5-6 yilda mamlakatimizda ilm-fan va oliy taʼlim sohasiga berilayotgan eʼtiborning natijasidir.

Mazkur Ilmiy ish barcha xalqaro olimlar va professorlardan tomonidan yuqori baholanib, himoyasini Oʻzbekistonda emas AQSHning oʻzida tashkil etish taklifi berildi. Hossler nomidagi ilmiy-izlanish instituti professori Martina Mastin xonim mazkur ilmiy ish himoyasida bevosita qatnashish istagini bildirdi va ilmiy izlanishda koʻrsatilgan masalalar u tugʻilib voyaga yetgan Chexiya Respublikasida ham taalluqli ekanligi, ingliz tilida yozilgan mazkur dissertatsiya chop etilgandan keyin Chexiyada ham ishlatilishi mumkinligini aytdi.

“Mazkur PhD dissertatsiyasida ochilgan mavzu Oʻzbekistonda hozirgi kunda eng aktual muammolardan biri — ishsizlik hamda qanday qilib qisqa taʼlim dasturlari orqali qishloq joylarida yoshlarimizni zamonaviy kasblarga oʻrgatish orqali muammoni hal qilishning ham nazariy, ham amaliy yoʻnalishlarini aniq belgilab beradi”, deydi yosh olim Muhammadxon Soliyev

Parviz Subxonqulov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi Samarqand viloyat vakilligi loyihalar menejeri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?