O‘zbekistonlik styuardessalar nufuzli tanlovda ikkita kubokni qo‘lga kiritdi

15:50 29 May 2018 Jamiyat
3987 0
Foto: O'zbekiston havo yo'llari

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK bort kuzatuvchilari jamoasi “Sky Service -2018” nufuzli tanlovining ikkita kubogini qo‘lga kiritdi. Ular “Yil jamoasi” va “Yilning eng yaxshi bort kuzatuvchisi” nominatsiyalarida tengsiz deb topildi.

Musobaqada bort kuzatuvchilari Dilnoza Abdullayeva va Natalya Kim, ularning brigadirlari Vilena Rodnova va Ra’no Bobobekova ishtirok etdi. O‘tgan yil milliy aviakompaniya jamoasi tarkibida mazkur bellashuvlarda oltin medal olgan Elvina Kaybulayeva esa yo‘riqchi bort kuzatuvchi sifatida jamoaga rahbarlik qildi.

G‘olib qizlar mazkur tanlovda qatnashish orqali cheksiz taassurot olishgani, o‘z aviakompaniyasidan g‘ururlanishi haqida aytib o‘tishdi.

Minnatdorlik sifatida ular forum qatnashchilariga milliy esdalik sovg‘alari va dunyoga mashhur Samarqand nonlaridan ulashishdi.

Ma’lumot uchun, Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Sky Service forumida mezbon davlat va xorij mamlakatlaridan qirqqa yaqin aviakompaniyalar vakillari, bortlarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi hamda servis xizmatlari ko‘rsatuvchi ellikdan ortiq kompaniyalar yig‘ildi. Mazkur anjuman chog‘ida bort kuzatuvchilarini xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan Inflight Sales Person of the Year (ISPY) dasturi bo‘yicha sertifikatlangan o‘quv mashg‘ulotlari ham o‘tkazildi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?