Oʻzbekistonlik sport gimnastikachilari Jahon kubogida 1 ta oltin va 2 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi
Sport gimnastikachilarimiz Bolgariyaning Varna shahrida oʻtkazilgan Jahon kubogida bitta oltin va ikkita bronza medaliga sazovor boʻlishdi
Bolgariyaning Varna shahrida dunyoning 26ta davlati vakillari ishtirokida oʻtkazilgan sport gimnastikasi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi yakunlandi. Quvonarlisi, ushbu musobaqa terma jamoamiz aʼzolari uchun kutilganidanda muvaffaqiyatli chiqdi.
Qoʻlga kiritilgan bitta oltin va ikkita bronza medali oʻzbek sport gimnastikasi kelajagi ishonchli qoʻllarda ekanligidan darak beradi. Agar bu oʻzbekistonlik gimnastikachilar uchun soʻnggi bir yarim yil ichidagi dastlabki turnir ekanligini inobatga olsak, natijalar yana-da oʻsishiga umid qilish mumkin. Chunki shunday musobaqalardagina sportchining haqiqiy kuchi, imkoniyati namoyon boʻladi, faqat chinakam bellashuvlarda sportchi toblanadi.
Taʼkidlash kerak, bugungi kunda oʻzbek gimnastika maktabining anʼanalarini tiklash yoʻlida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Natijalar esa uzoq kuttirib qoʻymaydi. Bolgariyadagi musobaqa buning isbotidir.
Varnadagi Jahon kubogi bosqichida Oʻzbekiston sharafini Tokio-2020 litsenziatlari Oksana Chusovitina hamda Rasuljon Abdurahimov, shuningdek yosh, umidli sportchilarimiz Abdulla Azimov, Habibullo Ergashev, Abdulaziz Mirvaliyev, Ominaxon Xalilova, Dildora Aripova, Anastasiya Miroshnichenkolar himoya qilishdi.
Mazkur Jahon kubogi bosqichi shaxsiy birinchilik boʻlib, unda sportchilar koʻpkurashning ayrim turlarida oʻzlarini namoyon qilishi mumkin edi. Bundan esa Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari unumli foydalanib qolishdi. Sakkiz nafar gimnastikachimizdan 7tasi oʻz dasturlarida finalga yoʻl olishdi.
Varnadagi Jahon kubogi bosqichida vakillarimiz orasida eng yuqori natijani terma jamoa debyutanti Dildora Oripova qoʻlga kiritdi. U erkin dasturda 13,150 ball jamgʻardi va oltin medalni qoʻlga kiritdi. Vengriyalik sportchi ham xuddi shunday natijani qayd etdi, natijada har ikki sportchi shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.
Hamyurtlarimiz orasida musobaqadagi dastlabki medalni Oksana Chusovitina qoʻlga kiritdi. U oʻzining sevimli mashqi tayanib sakrashda 13,700 ball bilan 3-oʻrinni egalladi. Mazkur yoʻnalishda qatnashgan yana bir vakilamiz Anastasiya Miroshnichenko esa 4-pogʻonadan joy oldi.
Abdulla Azimov ham terma jamoamizga yana bir bronza medalini taqdim etdi. Uning chiqishi hakamlar tomonidan 14.150 ballga loyiq koʻrildi. Ushbu yoʻnalishda ukrainalik Ilya Kovtun oltin, italiyalik Eduardo De Rosa esa kumush medalga sazovor boʻldi. Hamyurtimiz Habibullo Ergashev esa 8-oʻrinni egalladi, yosh sportchi uchun yomon natija emas.
Tokio-2020 litsenziati Rasuljon Abdurahimov parallel brusda yuqori texnik mashqlarni namoyish etdi. Eslatib oʻtamiz, final bosqichida Rasuljon oʻz dasturini yana 0,4 ballga murakkablashtirdi. Yetakchi mutaxassislar taʼkidlaganidek, oʻzbekistonlik sportchi mashqni toza bajargan. Biroq, yerga tushish paytida Abdurahimov kichik xatoga yoʻl qoʻydi va bu unga qimmatga tushdi. Natijada Abdurahimov 13,750 ball bilan 7-pogʻonadan joy oldi.
Yana bir hamyurtimiz Abdulaziz Mirvaliyev esa 6-oʻrin bilan cheklandi.
Taʼkidlash joiz, sport gimnastikasi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari anchadan beri bunday yuksak natijani qayd etishmagan. Bu yutuqlar zamirida shubhasiz trenerlarning mashaqqatli mehnatlari yotibdi. Ular barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, shogirdlari bilan mashgʻulotlarda astoydil ter toʻkishdi va mehnatlar oʻz mevasini berishni boshladi. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, yurtimizdan sport gimnastikasining tirik afsonasi Oksana Chusovitinaga munosib oʻrinbosarlar yetishib chiqmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring