Oʻzbekistonlik deputat Parlamentlararo Ittifoqning Yosh parlamentariylar forumi aʼzoligiga qabul qilindi

20:50 26 May 2021 Siyosat
716 0

Globallashuv jarayoni shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoning yarmidan koʻpini tashkil etuvchi yoshlar uchun xalqaro tashkilotlarda ishtirok etish juda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Shu oʻrinda, Oʻzbekiston yoshlari uchun ham. Parlamentlararo Ittifoqning maʼlumotiga koʻra, hozirda dunyo parlamentlarida yoshlarning ishtiroki oʻrtacha 2 foizni tashkil qiladi. Oʻzbekistonda esa mazkur koʻrsatkich 6 foizga yetdi.

Shu oʻrinda, Parlamentlararo Ittifoqning Yevroosiyo guruhi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi aʼzosi Abdullo Aslonov Parlamentlararo Ittifoqning Yosh parlamentariylar forumi aʼzoligiga qabul qilinganligi haqidagi xabar nafaqat Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari uchun balki respublikamiz yoshlari uchun katta yangilik sifatida qabul qilindi.

Yoshlarining bunday tashkilotlardagi ishtiroki xalqaro norma ijodkorlik jarayonida oʻz manfaatini ilgari surish va boshqa davlat yoshlari bilan tajriba almashish imkoniyatini beradi. Ayniqsa, Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyani qabul qilish bilan bogʻliq ilgari surgan tashabbuslari dunyo yoshlari tomonidan faol muhokama qilinayotgan davrda, ushbu nufuzli ishtirok barcha yoshlarni mazkur gʻoya atrofida birlashtirishda xalqaro darajadagi yana bir muhim maydon hisoblanadi.

Yoshlar parlamenti aʼzolari xalqaro yoshlar parlamentlararo tashkilotlarning faoliyati bilan doimiy ravishda tanishib boradi va hozirda qator davlatlarning Yoshlar parlamentlari bilan hamkorlik qiladi. Shu kunlarda Parlamentlararo Ittifoqning “Pandemiyani bugungi kunda yengib oʻtish va ertangi kunni yaxshiroq qurish: parlamentlarning oʻrni” mavzusiga bagʻishlangan 142-Assambleyasi faoliyatini ham yaqindan kuzatib borishmoqda.

Oʻz oʻrnida, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti yosh deputatning mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga qabul qilinganligi munosabati bilan respublika yoshlarini samimiy qutlaydi. Shuningdek, Yoshlar parlamenti aʼzolari mazkur jarayonda oʻz takliflari va tashabbuslari bilan faol ishtirok etishga hamda yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildiradi.

Shahnoza JOLDASOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Yoshlar parlamenti raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер