Oʻzbekistonga toʻqqiz oyda 23 milliard 660 million dollar xorijiy sarmoya kirib keldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-oktyabr kuni mahalliylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Iqtisodiyotni harakatlantiruvchi bu yoʻnalishlarda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yetti yilda mamlakatimizga 78 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar kelgan. Davlat-xususiy sheriklik boʻyicha qonun qabul qilinib, mingdan ziyod loyihalar boshlangan. 1 ming 800 turdagi yangi mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Shu bilan birga, hali salohiyat katta. Yigʻilishda mazkur yoʻnalishlarning har biri tahlil qilinib, qoʻshimcha imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.
Bugungi kunda barcha tarmoqlarda 140 milliard dollarlik 366 ta yirik loyiha amalga oshirilayapti. Investitsiya loyihalari doirasida yiliga 15 milliard dollarlik uskuna, xomashyo va qurilish materiallari olib kelinayapti. Shularning har birida mahalliy ulushni koʻpaytirish mumkinligi taʼkidlandi.
Yurtimizdagi yirik tarmoqlarda ham shunday imkoniyatlar bor. Masalan, energetika tarmogʻini 2030-yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq, 36 milliard dollarlik 164 ta quvvat yaratiladi. Shundan 88 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi.
Togʻ-kon sanoati boʻyicha ham 1 milliard 230 million dollarlik dastur qabul qilingan. Sohadagi yirik kombinatlarga mahalliy korxonalar oʻzaro manfaatli bogʻlangan.
Avtosanoatda ham ushbu yoʻnalishda ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Birgina qoʻshni davlatlarda avtomobil ehtiyot qismlariga yillik talab 1 milliard dollarni tashkil qiladi.
Mahalliylashtirish jarayonida narx boʻyicha ham, sifat boʻyicha ham raqobatdosh mahsulot chiqarib, eksportni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Ushbu yoʻnalishlar boʻyicha aniq loyihalar shakllantirib, imkoniyatlarni natijaga aylantirish zarurligi taʼkidlandi. Sanoat tarmoqlari bilan hududlar oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini oshirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Yaqinda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 30 milliard dollarlik investitsiya loyihalari tasdiqlandi. Bunda har bir sohaning imkoniyatlari ochib berilgan. Jumladan, transport boʻyicha 10 milliard dollar, ijtimoiy sohalarda 6 milliard dollar, kommunal tarmoqda 5 milliard dollarlik rejalar koʻzda tutilgan.
Bu loyihalarga investorlarni jalb qilish, mablagʻlarni samarali yoʻnaltirish vazifalari qayd etildi.
Yigʻilishda xorijiy investitsiyalar oqimi va kelgusi rejalar ham koʻrib chiqildi.
Joriy yilning toʻqqiz oyida 23 milliard 660 million dollar xorijiy sarmoya kirib kelgan. Shuningdek, 4 milliard 600 million dollarlik 120 ta yirik quvvat ishga tushgan.
Yil yakunigacha bu surʼat davom etadi. Shu tariqa, 2017-2024-yillarda jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati 100 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Yigʻilishda mutasaddilar belgilangan vazifalarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring