Oʻzbekistonga Qanot Sharq birinchi xususiy aviakompaniyasining ilk samolyoti olib kelindi

22:49 27 Aprel 2021 Iqtisodiyot
861 0

Xususiy kompaniyaning ilk samolyotini tantanali kutib olish marosimiga bagʻishlangan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.

«Mana bugun Oʻzbekistonga ilk bor «Qanot Sharq» xususiy kompaniyasining Airbus A320 rusumli samolyoti yetib keldi, biz buni uzoq vaqtdan beri kutib kelayotgan edik. Yaqin kunlar ichida yana bir shunday samolyot Oʻzbekistonga yetib keladi va yil yakuniga qadar yana 2 ta Airbus A330 samolyotlari yetib kelishi kutilmoqda. Yaqin 1,5-2 yilda «Qanot Sharq» aviakompaniyasi 3 ta Airbus A320 va 3 ta Airbus A330 rusumli samolyotga ega boʻladi. Nima uchun aynan bu rusumdagi samolyotlar? 2021-yil 9-fevralda Prezidentimiz “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolab, ularda hozirgi kunda aviatsiya xizmatlari uchun koʻplab imtiyozlar, subsidiyalar va chegirmalar taqdim etilgan. Mana shu hujjatga muvofiq musulmon davlatlaridan Oʻzbekistonga ziyoratchilarni olib kelish uchun ham shu samolyot ayni muddaodir, zero bu orqali 300 ga yaqin ziyoratchining kelishiga imkoniyat yaratiladi, bu esa oʻz oʻrnida Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga katta turtki boʻladi. Bugungi kun Oʻzbekiston aviatsiya maydonida monopoliyaga barham berilgan hamda raqobatbardosh kompaniya kirib kelgan tarixiy sana sifatida muhrlanib qoladi. Albatta, bularning barchasi davlatimiz rahbarining yaratib berayotgan sharoitlari hamda aviatsiya sohasida amalga oshirayotgan islohotlari natijasidir», - dedi Bosh vazir oʻrinbosari va «Qanot Sharq» aviakompaniyasini ushbu ajoyib hodisa bilan tabrikladi.

Shundan soʻng Aziz Abduhakimov hamda «Qanot Sharq Airlines» aviakompaniyasi muassisi Nosir Abdugafarov OAV vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga javob berishdi.

Taʼkidlash joizki, aviatsiya sohasining rivoji mamlakatning turizm, investitsiya va xalqaro biznes salohiyatini oshirishdagi eng muhim omillaridan biridir. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumat tomonidan aviatsiya sohasini tubdan oʻzgartirish va takomillashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Hududiy aeroportlarni rekonstruksiya qilish, ularda “ochiq osmon” tizimini joriy qilish orqali xalqaro aviaqatnovlar koʻlamini oshirish shular jumlasidandir. 

Tadbir doirasida maʼlum qilinishicha, aviatashuvlar bozoridagi yangi kompaniyalar, shuningdek, kam byudjetli aviakompaniyalar (loukosterlar) va tijorat aviatsiyasi xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?