Oʻzbekistondan Qirgʻizistonga oʻtish maskanlarida elektron darvozadan foydalanilmoqda

15:24 09 Noyabr 2023 Jamiyat
88 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikalari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar yanada mustahkamlanmoqda. Xususan, har ikkala davlatga kirib-chiqish tartiblari soddalashtirilgani bunga aniq misol boʻla oladi.

— Avvallari Oʻsh shahriga borib-kelish uchun bojxona postida bir yarim-ikki soat vaqtimiz ketardi, — deydi Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Abduxoliq Sattorov. — Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanganim bois haftada ikki-uch marta qoʻshni davlatga borib-kelishimga toʻgʻri kelardi. Fuqarolik pasportida kirdi-chiqdi amaliyotini tasdiqlovchi muhrga joy qolmagan paytlari ham boʻlgan. Hozir esa unday emas. ID pasport orqali atigi besh-oʻn daqiqada Qirgʻiziston Respublikasiga oʻtmoqdamiz.

Aytish joiz, Xoʻjaobod tumanidagi “Doʻstlik” oʻtkazish punktida elektron darvozaning joriy etilishi koʻplab qulayliklarni yaratdi.

— U sanoqli daqiqalar mobaynida fuqaroning pasporti orqali hujjatning haqiqiyligini, oʻz egasiga mansubligini va sana bilan bogʻliq maʼlumotlarni qayd etadi, — deydi DXX chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchisi Dilxushbek Rahmonov. — Bunda harbiy xizmatchilar ishtiroki taʼminlanmaydi. Bu esa ikki davlat oʻrtasidagi kirdi-chiqdi harakatlarining shaffofligini, tezkorligini va aniqligini taʼminlaydi. Bu kabi imkoniyat Marhamat tumanidagi “Mingtepa” oʻtkazish punktida ham yoʻlga qoʻyilgan.

— Asli Aravon tumanidanman, — deydi Asaka shahrida yashovchi Zulxumor Aysarova. — Shunday paytlar boʻldiki, hatto onam vafot etganida bora olmaganman. Keyinchalik chegara oʻtkazish punkti qayta ish boshlagach, qarindoshlar bilan bordi-keldi munosabatlarimiz yana tiklandi. Shu yilning sentyabr oyida “Mingtepa” oʻtkazish punkti foydalanishga topshirilgach, bu borada bir qancha qulayliklarga ega boʻldik.

Xonobod shahridagi “Xonobod” xalqaro oʻtkazish punkti ham har ikki davlat fuqarolari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Kunu tun faoliyat olib boruvchi ushbu maskan mamlakatlarni oʻzaro bogʻlab turuvchi doʻstlik darvozasi vazifasini oʻtamoqda. Bundan ikki oy muqaddam foydalanishga topshirilgan ushbu maskan bir kunda 20 ming nafar fuqaroga xizmat koʻrsatishi koʻzda tutilgani holda ayni paytda 2,5-3 ming nafar fuqaroga va oʻrtacha 200 ta avtomobilga xizmat koʻrsatmoqda. Xalqaro maqomiga ega boʻlgani bois xorijlik tashrif buyuruvchilar ham bu joydagi imkoniyatlardan unumli foydalanmoqdalar.

— Avvallari Qirgʻiziston Respublikasiga avtomobilda oʻtishning imkoni boʻlmagan, — deydi Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida istiqomat qiluvchi Sanjarbek Xolmatov. — Soʻnggi yillarda “Doʻstlik” chegara oʻtkazish punkti orqali harakatlanishga ruxsat berildi. Natijada shaxsiy avtomashinamda Jalolobod shahriga 3,5 — 4 soatda borib-keladigan boʻldim. “Xonobod” xalqaro oʻtkazish punkti ish boshlagach, atigi ikki soat vaqt sarflaydigan boʻldim. Boisi, 180 kilometr masofa 100 kilometrga qisqardi. Qolaversa, oʻtkazish punktidagi tartiblar soddalashtirildi. Bunday imkoniyatdan xursandmiz, albatta!

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik rishtasi nafaqat, davlatlararo iqtisodiy, balki, fuqarolarning ijtimoiy munosabatlarini ham rivojlantirmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер