Oʻzbekistondan Pokistonga 15 tonnadan ziyod insonparvarlik yordami yuborildi

17:55 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
383 0

Foto: Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi

Oʻzbekiston hukumati va BMTning Qochqinlar ishlari boʻyicha oliy komissari Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi nomidan suv toshqinlaridan zarar koʻrgan Pokiston aholisi uchun insonparvarlik yordami yuborildi. Mazkur yordam Termiz shahridan Oʻzbekiston Harbiy havo kuchlarining maxsus bortida Karachi shahriga yetkazib berilgan.

Gumanitar yuk tarkibida suv toshqinlari oqibatida uylari vayron boʻlgan pokistonliklarga tabiiy ofat oqibatlarini yumshatish uchun 15 tonnadan ortiq eng kerakli buyumlar mavjud.

“Zarur paytda tezkor gumanitar yordam koʻrsatish imkonini bergan Oʻzbekiston hukumatining qoʻllab-quvvatlashi” BMTning Qochqinlar boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan yuqori baholangan.

The Gulf Observer nashrining yozishicha, Oʻzbekistondan yuborilgan insonparvarlik yordami Karachi shahridagi “Jinna” xalqaro aeroportida Pokiston Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy qoʻmitasi va Pokiston Tashqi ishlar vazirligi vakillari tomonidan qabul qilib olingan.

Eslatib oʻtamiz, 1-sentyabr kuni ham Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga binoan Pokistonning suv toshqinidan zarar koʻrgan hududlariga yordam berish maqsadida Islomobodga 40 tonna gumanitar yuk yuborilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?