Oʻzbekistondagi tergov hibsxonalarida video kuzatuv vositalari soni nechta?

20:03 11 Yanvar 2021 Siyosat
326 0

Ushbu savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan fraksiyalararo amaliy muloqotiga bagʻishlangan yigʻilishda javob berildi.

Unda Murojaatnomada davlatimiz rahbari tomonidan inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yigʻilishda Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi masʼul xodimlari, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Ichki ishlar organlarining tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida qiynoqqa solish, shafqatsiz va gʻayri insoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi harakatlarning oldini olish choralari koʻrilmoqda. Ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolari qoʻllanilgan shaxslarni toʻgʻri ijtimoiy hayotga yoʻnaltirish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzurida Probatsiya xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, tezkor-qidiruv, tergov sohasida qiynoqlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlariga keltirilgan va ushlangan shaxslar bilan yangi tashkil etilgan 484 ta soʻrovxonada suhbat va soʻrovlar oʻtkazilmoqda. Bu borada barcha xatti-harakatlar videokuzatuv moslamalari orqali qayd etilyapti. Ushbu jarayonlar tergov departamenti rahbari tomonidan doimiy kuzatib borilmoqda.

Shu bilan birga, tergov boʻlinmalarida video kuzatuv vositalarisiz hamda eshitish moslamalarisiz advokatlar oʻzlarining himoyasi ostidagi shaxs bilan holi uchrashishlari uchun alohida advokatlar xonalari tashkil etilgan. Tergov hibsxonalaridagi mavjud tergovchilar xonalariga jami 123 dona zamon talablariga javob beradigan ovoz yozishga moʻljallangan video kuzatuv vositalari oʻrnatildi.

Oʻzbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlarni statistik maʼlumotlar bilan izohlash va mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi oʻrnini aniq ifoda etilishini taʼminlash maqsadida maxfiy hisoblangan ayrim maʼlumotlar ochiq maʼlumotlar roʻyxatiga kiritildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 54 ta jazoni ijro etish muassasalari mavjud. Shundan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonlaridir. Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, jazoni ijro etish tizimida 22 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortigʻi manzil koloniyada, 14 mingdan ortiq mahkumlar yopiq turdagi koloniyalarda jazo muddatini oʻtamoqda.

Taʼkidlash joiz, 2020-yil 1-avgust holatiga koʻra, AQSHda har yuz ming odamdan 639 nafari, Rossiyada 340 nafari, Turkiyada 335 nafari, Belarusda 343 nafari, Oʻzbekistonda 68 nafari jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtamoqda.

Shuningdek, jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarni saqlash sharoitlarining shaffofligini taʼminlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq oʻtkazish bilan bogʻliq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida tizimdagi 54 ta jazoni ijro etish muassasalari 3 280 dona zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan. Shundan, 2 203 tasi jazoni ijro etish muassasasi yashash sahniga, 432 tasi ishlab chiqarish sahniga, 645 tasi tashqi maʼmuriy hududga oʻrnatilgan.

Oʻtgan davr mobaynida Jinoyat-ijroiya kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi ushbu sohadagi bir qator islohotlarni qonuniy mustahkamladi. Xususan, mahkumlarning huquq va erkinliklarini yana-da kengaytirish maqsadida voyaga yetmaganlarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilindi. Shuningdek, mahkum oʻz shaxsiy xavfsizligini taʼminlashni soʻrab muassasa yoki organning har qanday xodimiga ariza (xabar) bilan murojaat qilish huquqi berildi. Yopiq turdagi koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarning telefon soʻzlashuvi yoʻqlov va uchrashuvlar olish soni ikki baravarga koʻpaytirildi. Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun jazo oʻtayotgan mahkumlarga ilk marotaba saylov huquqi berildi. Eʼtiborlisi, jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarni ragʻbatlantirish komissiyasi tarkibiga Inson huquqlari boʻyicha vakilning hududiy vakillari kiritildi.

Tadbirda Murojaatnomada davlatimiz rahbari tomonidan bu sohada galdagi vazifa sifatida 25 ta manzil-koloniyalar bosqichma-bosqich qisqartirilishi, birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrogʻi bilan almashtirilganda toʻgʻridan-toʻgʻri probatsiya nazoratiga olinishi hamda jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish va shartli ozod qilish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish muassasalaridan yangi tashkil etiladigan insonparvarlik komissiyalariga oʻtkazilishi boʻyicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari tomonidan qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan ham takliflar bildirildi.

Muhokamalar yakunida jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qoʻllash, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish, umuman olganda inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda Qonunchilik palatasi oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari tomonidan bildirilgan takliflar umumlashtirilib, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan 2021 Davlat dasturiga kiritish uchun Ishchi guruhga yuborildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?