Oʻzbekistondagi ijod maktablarida “Amerika burchaklari” ochiladi

22:36 01 Dekabr 2021 Jamiyat
839 0

Toshkentda oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekistonda taʼlim” xalqaro forumi doirasida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova va AQSH elchisi Daniyel Rozenblyum hamkorlik istiqbollari hamda Oʻzbekistondagi ijod maktablarida “Amerika burchaklari”ni ochish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi.

“Amerika burchaklari” hamma uchun ochiq boʻlgan 600 dan ortiq taʼlim markazining global tarmogʻi boʻlib, uni AQSH hukumati qoʻllab-quvvatlaydi. Zamonaviy Amerika kutubxonalari koʻrinishidagi ushbu burchaklarga har yili millionlab kishi tashrif buyuradi. Eng ilgʻor texnik vositalar bilan jihozlangan bu markazlar Amerika madaniyati, u yerda oʻqish imkoniyatlari haqida maʼlumot taqdim etadi hamda kitoblar, filmlar va ingliz tili dasturlaridan bepul foydalanish imkonini beradi. 2021-yil mart oyida AQSH elchixonasi Qarshi shahrida joylashgan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida ana shunday “Amerika burchagi”ni ochdi. Oʻtgan olti oy ichida ushbu markazga minglab qiziquvchilar kelib, ingliz tili koʻnikmasini oshirdilar. AQSH madaniyati haqida bilimga ega boʻldilar va bepul taʼlimiy resurslardan foydalandilar.

AQSH elchixonasi oʻz hamkorlari bilan birgalikda Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlari amalga oshiruvchi “Amerika burchaklari” nomli tashabbusi orqali Oʻzbekistonning turli hududlarida eng kamida oltita ana shunday markaz ochishni rejalashtirmoqda. Bu loyiha uchun AQSH hukumati 860 000 dollardan ortiq mablagʻ ajratgan boʻlib, bu borada joylarda hamkor tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?