Oʻzbekistondagi islohotlar Buyuk Britaniyaning nufuzli jurnalida eʼtirof etildi

22:39 10 Sentyabr 2021 Siyosat
690 0

Buyuk Britaniyada Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab “Open Central Asia Magazine” jurnalining maxsus soni nashr etildi. Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi axborot xizmati xabar berdi.

“Jadal rivojlanayotgan Oʻzbekiston: Mustaqillikning 30 yillik bayrami” nomli mazkur jurnalning maxsus sonidan Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyaning siyosat va jamoat arboblari, nodavlat tashkilotlarning ekspert-mutaxassislari, madaniy soha va ommaviy axborot vositalari vakillarining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari hamda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarining istiqbollari haqidagi maqolalari oʻrin olgan.

Mazkur jurnalda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning “Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati va davlat boshqaruvini takomillashtirish – soʻnggi 5 yil” nomli hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Nilufar Nodirxonovaning “Oʻzbekistonda inson huquqlari: erishilgan yutuqlar va galdagi vazifalar” nomli maqolalari ham chop etildi.

Eldor Tulyakov oʻz chiqishida Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka saylanganidan soʻng eng birinchi navbatda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy sohani rivojlantirish, inson huquqlarini taʼminlash, xalqaro munosabatlarni yaxshilash va iqlim oʻzgarishi masalalariga alohida eʼtibor qaratganini taʼkidlaydi. Shuningdek, maqolada Oʻzbekiston qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlari bilan ochiq muloqotni muvaffaqqiyatli yoʻlga qoʻygani, bank va valyuta sektori tubdan isloh qilingani, xorijlik fuqarolar uchun koʻplab maʼmuriy yuklarning olib tashlangani, investorlarning erkin kirib kelishi va faoliyat yuritishi uchun qulayliklar yaratilgani, Hukumat jamoatchilik bilan ochiq-oshkora muloqot qila boshlagani, korrupsiyaga qarshi keskin kurash choralari koʻrilgani, ommaviy axborot vositalari erkinlashgani kabi mavzular ham qamrab olingan.

Shuningdek, maqolada 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinib, “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida amalga oshirilgan islohotlar natijalari, xalq hokimiyatini mustahkamlash hamda hokimiyat tarmoqlari mustaqilligini taʼminlash, parlament vakolatlari oshirilishi bilan uning hukumat faoliyati ustidan nazorat qilish mexanizmlari kuchaygani haqida ham atroflicha soʻz yuritilgan.

2017-yilda Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilib, bugungi kunda barcha shahar va tumanlarda 205 ta davlat xizmatlari markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ular orqali aholiga 150 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilayotgani xalq uchun maqbul qulayliklar yaratgani, shu bilan birga, qator sohalarda raqamlashtirish siyosati amalga oshirilib, davlat idoralarining elektron shaklda ish yuritishga oʻtishi mamlakat fuqarolarining ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qoʻygani xususida ham maqolada alohida toʻxtalib oʻtilgan.

Oʻz navbatida, Eldor Tulyakov oʻz maqolasida Oʻzbekistonda keyingi 5 yilda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida yuz bergan oʻzgarish va rivojlanish omillarini aniq fakt va raqamlar bilan ochib bergan.

Eʼtirof etilishicha, bugungi kunda mamlakatda 9200 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda. Ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 200 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilingan. Natijada davlat, fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlarining tizimli muloqoti yoʻlga qoʻyildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlim boshligʻi Nilufar Nodirxonovaning “Oʻzbekistonda inson huquqlari: erishilgan yutuqlar va galdagi vazifalar” nomli maqolasida esa, mamlakatda “inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyili asosidagi islohotlar samarasi haqida soʻz yuritilgan.

Muallif taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda inson huquqlarini yetarli darajada himoya qilish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangan. Keyingi 5 yil mobaynida bu boradagi tizimli saʼy-harakatlar tufayli mamlakat insonning ijtimoiy-iqtisodiy, fuqarolik va siyosiy huquqlarini taʼminlash borasida muayyan yutuqlarga erishdi.

N.Nodirxonova avvalo, respublikada paxta yigʻim-terim kampaniyasida majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani, “propiska” tizimining tubdan isloh etilgani, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish boʻyicha koʻrilgan qatʼiy choralar samarasi oʻlaroq, birgina 2020-yilning oʻzida 50 ming kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgani, bu yil yana 20 mingdan ortiq kishi fuqarolikni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlganiga alohida eʼtibor qaratgan.

Shuningdek, fuqarolarning diniy huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasidagi oʻzgarishlar natijasida diniy ekstremistik tashkilotlar bilan aloqada boʻlganlikda gumon qilinayotgan 20 mingdan ortiq fuqaro “qora roʻyxat”lardan chiqarilgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMTning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani, Oʻzbekistonning AQSHning diniy erkinliklar boʻyicha maxsus nazorat roʻyxatidan butunlay chiqarib tashlanishi, soʻz va matbuot erkinligi bilan bogʻliq vaziyat yaxshilangani kabi qator masalalar ham muallif eʼtiboridan chetda qolmagan.

Maqolada Oʻzbekistonda sud-huquq sohasidagi islohotlarga alohida urgʻu berilganini koʻrish mumkin. Xususan, muallifning eʼtirof etishicha, 2017-2020-yillarda sudlar tomonidan 2770 nafar shaxs oqlangan. Yoki birgina 2018-yilning oʻzida 1881 ta jinoyat ishi dalillar yetarli emasligi sababli toʻxtatilgan. Tergov davomida asossiz ravishda ilgari surilgan jinoyat tarkibi 5462 kishiga qoʻyilgan ayblovdan chiqarilib, 3290 kishi sud zalidan ozod qilingan.

Mamlakatda inson huquqlarini taʼminlashda erishilgan asosiy yutuqlardan biri qiynoqlar va shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoxud jazoni yoʻq qilish borasidagi ishlar ekani maqolada oʻz ifodasini topgan. Bu borada eng katta yutuq xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga muvofiq, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan Qoraqalpogʻistondagi mashhur “Jasliq” koloniyasini tugatish toʻgʻrisidagi farmon boʻldi. Shuningdek, 2019-yil mart oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ga insonning qonun bilan kafolatlangan huquqlari va erkinliklari taʼminlanishini oʻrganish uchun jazoni ijro etish, qamoqqa olish joylari va maxsus qabulxonalarga erkin tashrif buyurish va maxsus monitoringlar oʻtkazib borish huquqi berildi.

Gender tengligi va xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash sohasida esa, Oʻzbekiston hukumati 2030-yilgacha boʻlgan davrda gender tengligiga erishish strategiyasini ishlab chiqdi. Unga koʻra, maxsus tartib joriy etilib, barcha yangi qonun loyihalari gender nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. 2019-yilda Oʻzbekistonda gender tengligi boʻyicha parlament komissiyasi tuzilishi ayollarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga yordam berdi. Natijada 2019-yilgi parlament saylovlarida gender kvotasi qoʻllanildi: ayollar saylangan deputatlarning 32 foizini va Senat aʼzolarining 25 foizini tashkil etdi.

Buyuk Britaniyada Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab chop etilgan “Open Central Asia Magazine” jurnali xalqaro va milliy jamoatchilik tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?