Oʻzbekistondagi cheklovlar uch-toʻrt kun oldin eʼlon qilinsa boʻlmasmidi?

14:03 30 Mart 2020 Jamiyat
559 0

Kecha ruxsatnoma berilishi haqidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin davlat xizmati agentliklarida odamlar toʻplanib ajiotaj hosil qilishdi, bugun ertalabdan ham shunday holat kuzatilmoqda. Koʻpchilikka rad javobi berilyapti, birinchi savol nega ularga rad javobi berilyapti, ikkinchi savol shu cheklovlarni uch-toʻrt kun oldin eʼlon qilsa boʻlmasmidi? Ushbu savolga Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shoxruh Gʻiyosov javob berdi.

“Javobni ikkinchi savolingizdan boshlayman. Hukumat karantin qoidalari boʻyicha cheklov eʼlon qilishda, ayni vaqtda yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqadi. Yaʼni fuqarolarga koʻchaga chiqmaslik haqida juda koʻp marotaba ogohlantirish berilishiga qaramasdan, koʻpchilik bunga rioya etmadi. Shuning uchun hukumat qatʼiy cheklovlarni kiritishga majbur boʻldi.

Endi birinchi savolingizga javob, maxsus komissiyaning talabiga koʻra koʻchada harakatlanishga imkon beruvchi stiker faqat quyidagilarga beriladi, Bular:

  • oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shugʻullanadigan tashkilotlarning xizmat transporti va xodimlarining shaxsiy transporti;
  • sanitariya va gigiyena mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va chakana savdo, dorixona faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning transport vositalari;
  • Toshkent viloyati va Toshkent shahrida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli avtotransport vositalari.

Boshqa transport vositalariga stiker berilmaydi. Davlat xizmatlari markazlarida toʻplanmang, u yerdagi xodimlarni va oʻzingizni asabingizni buzmang”, dedi Gʻiyosov.

Maʼlumot oʻrnida bugunga qadar Oʻzbekistonda koronavirus yuqtirganlar soni 145 nafarga yetgan. Shuningdek 7 kishi butunlay sogʻayib ketgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?