Jurnalistlik faoliyatni himoya qilishga masʼul davlat organlari va ularning vakolatlari aniq belgilanmagan

15:43 30 Iyul 2021 Jamiyat
363 0

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisida aytib oʻtildi.

Unda qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirish maqsadida qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, Senat qoʻmitalari tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda 20 ga yaqin Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari oʻrganib chiqildi.

Tahlillar ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning aks ettirilmaganligi, havolaki normalarning mavjudligi sababli sohaning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelinganligi, shuningdek, qabul qilingan ayrim qonunlardagi normalarning amaliyotda qoʻllanilmayotganligi sababli qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta koʻrib chiqish hamda takomillashtirish lozimligini koʻrsatdi.

Jumladan, «Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida»gi Qonunida Chernobil halokati hamda harbiy xizmatni oʻtash oqibatida III guruh nogironi, deb topilgan shaxslarning pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi norma oʻz aksini topmagan. Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi xodimining aybi bilan toʻlangan ortiqcha pensiya natijasida byudjetga yetkazilgan zarar miqdori aybdor shaxsdan regress tartibida sud orqali undirilishiga oid normalar qonunda keltirilmagan.

Shuningdek, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda jurnalistlik faoliyatining zamonaviy yoʻnalishlariga oid (mediamarketing va boshqalar) tushunchalarning huquqiy taʼrifi belgilanmagan. Jurnalistlik faoliyatini himoya qilishga masʼul boʻlgan vakolatli davlat organlari va ularning vakolatlari aniq belgilanmagan.

Bundan tashqari, “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Qonunda qutqaruv faoliyatida muhim ahamiyat kasb etuvchi harakatlar rejalari tushunchasiga taʼrif berilmagan. Qutqaruv ishlarining turlari keng va batafsil yoritilmagan. Favqulodda vaziyatlarning klassifikatsiyasi va toifalari belgilanmagan.

Qolaversa, “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonun 1999-yilda qabul qilingan boʻlib, uni bugungi kun nuqtai-nazaridan qayta koʻrib chiqish lozimligi, xususan, aloqa liniyasi, tarif rejasi, tarmoq xizmatlari, telekommunikatsiya infratuzilmasidan birgalikda foydalanish, telekommunikatsiya infratuzilmasi kabi tushunchalar va ularning taʼriflari berilmaganligi qayd etildi.

Senat qoʻmitalari tomonidan Parlament huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda oʻtkazilgan monitoringlar natijasida qonunlarni takomillashtirish, amaliyotda uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqilganligi taʼkidlandi.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?