Oʻzbekistonda “Yoshlar turizmi haftaligi” oʻtkaziladi

14:51 28 Dekabr 2022 Jamiyat
1349 0

Foto: Arxiv surat

2023-yildan boshlab yanvar oyining birinchi dekadasida “Yoshlar turizmi haftaligi” oʻtkaziladi.

Haftalikdan koʻzlangan maqsad yoshlarni taʼtil vaqtida mavsumiy imtiyozli turistik paketlari asosida respublikaning diqqatga sazovor joylariga sayohatlarini tashkil etish, oliy taʼlim muassasalari talabalari, maktab oʻquvchilari va mahallalardagi aholi va yoshlarning sayohatlarini tashkil etish, nogironligi boʻlgan oʻquvchi, talaba va yoshlarning respublikamiz boʻylab sayohat qilishi uchun zarur tashkiliy va amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

Shuningdek, haftalik davomida madaniy meros obyektlari, muzeylar, teatr va kinoteatrlarga yoshlarning jamoaviy tashriflarini tashkil qilish, tariximizni jonli koʻrsatuvchi teatrlashtirilgan tomoshalar namoyishini yoʻlga qoʻyish, barcha hududlarda “Yoshlar turizmi karvoni” loyihasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Orol turizmi” haftaligini oʻtkazish, kitobxonlik kunlarini yuqori saviyada tashkil etish, dastur asosida yuqori natijalarga erishgan hamda yoshlarga oʻrnak koʻrsatadigan ilm-fan namoyondalari ishtirokida “mahorat darslari”ni oʻtkazish maqsad qilingan.

Taʼkidlash lozimki, “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan madaniy meros obyektlari va muzeylarga chegirmalar eʼlon qilingan.

Bundan tashqari, haftalik doirasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda «Uzbekistan Airways» AJ tomonidan sayohat qiluvchi yoshlar uchun viloyatlararo qatnovchi avtobus, avia va temiryoʻl chiptalarga chegirmalar hamda tadbirkorlik subyektlarining tashish xizmatlariga ixtiyoriy chegirmalar belgilanadi.

Dam olish kunlarida sayohat qilishni istaganlar bu boradagi qulayliklar va boshqa maʼlumotlarni har bir mahalladagi yoshlar yetakchilariga murojaat qilishi mumkin.

Qayd etish joizki, “Yoshlar turizmi haftaligi” Prezidentning 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻtkaziladi. Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер