Oʻzbekistonda yangi loyiha ishga tushdi. Uning ahamiyati nimada?
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda FOLUR (GCP/UZB/010 /GFF) loyihasi boʻyicha kirish seminari tashkil etildi. Tadbirda davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, sohaning yetakchi ekspertlari va tegishli idoralar ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi atrof-muhit va iqlim muammolarini hal qilish orqali Oʻzbekistonda oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi sektorini takomillashtirishda “FOLUR”ning ustuvor yoʻnalishlariga eʼtibor qaratishdir. “FOLUR” loyihasi oʻz oldiga yerdan samarali foydalanish texnologiyalari va tabiatni muhofaza qilish yondashuvlarini keng joriy etish, shuningdek, ekotizim degradatsiyasidan koʻp foyda keltiradigan barqaror boshqaruvga oʻtishni amalga oshirish uchun ekologik toza qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratishni ragʻbatlantirishni maqsad qilib qoʻygan.
Loyihaning ishga tushirilishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) muvofiq barqaror qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻlidagi muhim qadamdir. Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sektoridagi past mahsuldorlik bilan birga oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabning ortishi natijasida yerdan foydalanish global koʻlamda 80 foiz oʻrmonlarning kesilishi, chuchuk suvning 70 foizidan foydalanishga, landshaft degradatsiyasi va biologik xilma-xillikning yoʻqolishiga sabab boʻluvchi asosiy omil boʻlib qolmoqda. Tabiatga yetkazilayotgan zararning 30 foizi esa issiqxonalardan ajralib chiqadigan is gazlarga toʻgʻri keladi. Bu muammolar oziq-ovqat xavfsizligi, ovqatlanish, kambagʻallikni qisqartirish va kengroq ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga tahdid solmoqda. Oʻzbekistonning keskin kontinental iqlimi, issiq va quruq yoz sharoitlari hamda oʻzgaruvchan havo harorati tufayli mamlakat qishloq xoʻjaligida oʻziga xos muammolarga duch kelinmoqda. Tuproq tarkibida organik moddalarning kamligi bilan ajralib turuvchi choʻl tuproqlari qishloq xoʻjaligining hosildorligini cheklaydi.
«Loyiha bugʻdoy ishlab-chiqarish landshaftlarida hosildorlikni oshirish bilan birga ekotizimlarga va bioxilma-xillikka salbiy taʼsirni kamaytirish hamda ishlab chiqarishda qoʻshimcha qiymat zanjirini koʻpaytirishdan iborat. Ushbu loyiha respublikamizning uchta hududidagi 6 ta tumanda amalga oshiriladi. Loyiha doirasida qoʻriqxonalarni yangi zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlash orqali yon-atrofdagi qishloq aholisi tomonidan ularga boʼlayotgan salbiy taʼsirlar kamaytiriladi. Soʼnggi yillarda respublikamizda tez-tez uchrayotgan chang-boʻronlar manbasini aniqlash va ularga qarshi kurash chora-tadbirlarini ishlab chiqish ham loyiha maqsadlaridan biridir. Loyihaning yana bir muhim yoʻnalishi fermerlar va benfeiciarlar salohiyatini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni ham oʻz ichiga oladi. Fermerlar va benfeiciarlarni oʻqitish orqali biz ularni barqaror dehqonchilik usullarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan bilim va vositalar bilan taʼminlaymiz» deya taʼkidladi loyiha milliy koordinatori Aziz Nurbekov.
Taʼkidlash joiz, loyiha hududi Qoraqalpogʻiston Respublikasining, shuningdek, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarining jami oltita tumanini qamrab oladi. FOLUR loyihasi doirasida umumiy maydoni 50 ming gektar boʻlgan hududlarni ekologik jihatdan tiklash ishlari amalga oshiriladi, yana 50 ming gektar biologik xilma-xillikni boshqarishning takomillashtirilgan usullariga oʻtadi, bugʻdoy bilan band boʻlgan yerlar ham umumiy maydoni 300 ming gektar yerni boshqarishning takomillashtirilgan usullariga oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Davron Kabulovning otasi “oʻgʻrilik” boʻyicha sudlanib, qariyb 345 mln soʻm jarimaga tortilgani maʼlum boʻldi
- Isroil va Eron nizosi yangi bosqichga chiqdi
- Sen yetim emassan: Odamiylik timsoliga aylangan oila
- Prezident yangi qaror imzoladi
- Prezidentning yangi qarori eʼlon qilindi
- Oʻzbekistonning Pokistondagi yangi elchisi tayinlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring