Oʻzbekistonda yana karantin choralari kuchaytirilmoqda — Maxsus komissiya qarori (toʻliq)

23:53 22 Iyun 2020 Jamiyat
13702 0

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazoratini taʼminlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, Toshkent shahrida koronavirus infeksiyasi aniqlangan “qizil” hududlarni BLOKPOSTLAR oʻrnatgan holda mahalla, dahalar va koʻchalar kesimida yopilishi, karantinga olingan fuqarolarning uyi oldida 24 soatlik navbatchilik tashkil etilishi belgilandi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan Oʻzbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida ularning hohishiga koʻra 14 kunlik karantin nazorati davrini haqini toʻlagan holda MEHMONXONADA oʻtkazish huquqi berildi. Endilikda yuqoridagi toifa davlatlardan Oʻzbekistonga kirib kelayotgan fuqarolar oʻz xohishiga koʻra 14 kunlik karantin muddatini davlat tomonidan bepul taʼminlanadigan karantin markazlarida yoxud haqini toʻlagan holda mehmonxonada oʻtkazishi mumkin boʻladi.

Fuqarolar karantin nazorati davrini oʻtkazishi mumkin boʻlgan mehmonxonalar roʻyxati Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan shakllantiriladi.

Fuqarolar karantin nazorati davrini mehmonxonada oʻtkazishda Karantin nazorati davrini mehmonxonalarda oʻtkazishning vaqtinchalik tartibiga qatʼiy rioya etishlari talab etiladi.

Supermarket va boshqa yirik doʻkonlarda sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytirilmoqda, ushbu obyektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37*S va undan yuqori boʻlgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan holatda ushbu majmualarga kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda boʻlish talablari belgilanmoqda.

Fuqarolarning sogʻligʻini himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash maqsadida supermarket va boshqa yirik doʻkonlarga kirishda ularni bepul qoʻlqop bilan taʼminlash nazarda tutilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan, 2020-yil 8-iyundan boshlab “sariq” va “yashil” hududlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yoʻnalishlari boʻyicha avtobus harakatlariga ruxsat berilgan edi (damas, mikroavtobus va metropoliten faoliyati bundan mustasno).

Biroq, bu boradagi monitoring natijalari avtobus salonida ijtimoiy masofani saqlash bilan bogʻliq karantin talablarini buzib, tirbandlik hosil qilgan holda yoʻlovchi tashish holatlari uchrayotganligini koʻrsatmoqda. Bu esa, aholi oʻrtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan holat sifatida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Transport vazirligiga avtobus reyslarida tirbandlikka yoʻl qoʻymaslik hamda boshqa sanitariya-epidemiologiya talablariga qatʼiy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.

Hududlardagi barcha bozorlar sanitariya-epidemiologik tadbirlarini, shu jumladan, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun har haftada bir marotaba yopilishi belgilandi.

Karantin cheklovlari sharoitida ruxsat berilgan sohalarda qayta tiklangan tadbirkorlik subyektlari faoliyati monitoringi natijalari ayrim hollarda sanitariya-epidemiologik talablar bu haqda mutasaddi tashkilotlar ogohlantirganidan soʻng ham takroran buzilayotganligi, shu jumladan, fuqarolar tana haroratini oʻlchagan holda obyektga kiritish, ularni ijtimoiy masofaga rioya etgan holda joylashtirish, muntazam dezinfeksiya ishlarini oʻtkazish, xodimlarni tibbiy niqob va qoʻlqop bilan taʼminlash kabi talablarga yetarli darajada rioya etmaslik, tana haroratini oʻlchamay, tegishli himoya vositalari bilan taʼminlanmagan fuqarolarni toʻgʻridan-toʻgʻri ishga jalb qilish holatlari aniqlanmoqda.

Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasiga jamoat joylarida sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etilishi ustidan nazorat tadbirlarini (reydlarni) muntazam ravishda kuchaytirilgan tartibda tashkil etib borish yuklatildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli hududda karantin qoidalariga toʻliq rioya etilishini taʼminlash uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilandi.

Bunda tegishli hududda karantin talablarini taʼminlamaganligi tufayli fuqarolarga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yoʻl qoʻygan rahbarlarga lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?