Oʻzbekistonda yana bir universitet tashkil etiladi

20:19 08 Iyun 2020 Hujjatlar
1630 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi.

Prezident qarori bilan geologiya sohasida yuqori malakali va zamonaviy fikrlovchi oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlovchi Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi.

Universitet Davlat geologiya qoʻmitasi, togʻ-kon sanoati korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun geologiya yoʻnalishidagi malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish boʻyicha respublikaning ixtisoslashgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft-gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti, Geologiya sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Davlat geologiya muzeyi Universitet tarkibiga kiradi.

Universitetga talabalar har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Universitetda talabalar Oʻzbekiston Respublikasining davlat taʼlim standartlari asosida geologiya va konchilik yoʻnalishidagi yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha, ular bilan erishiladigan kelishuvlarga muvofiq oʻqitiladi.

2020-yil 1-sentyabrga qadar Davlat geologiya qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yili uchun Universitetga talabalarni qabul qilish jarayoni talabga muvofiq oʻtkaziladi.

Universitet huzurida yetakchi geologiya va konchilik yoʻnalishidagi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining maxsus umumtaʼlim va bazaviy texnik fanlarini oʻqitishga ixtisoslashgan Boshlangʻich muhandislik tayyorlash markazini tashkil etiladi.

Universitet 2020-2021 oʻquv yilida I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?