Oʻzbekistonda yana bir ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi

14:40 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
560 0

Vazirlar Mahkamasining Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etishga oid qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Institutga qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini yaratish, geodeziya va kartografiya faoliyati, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir faoliyat turlarini tegishli litsenziyalarni olmasdan amalga oshirish huquqi beriladi.

Institutning asosiy vazifalari quyidagilar:

Alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy va jahon madaniy merosi obyektlari jumlasiga kiritilgan hududlarda shaharsozlik va boshqa xoʻjalik faoliyatlarini ularning tarixiy-madaniy muhiti, tabiiy landshafti va oʻziga xosligini saqlab qolgan holda ilmiy asosdagi tavsiyalar majmuasini ishlab chiqish;

boqiylashtirish (konservatsiya), taʼmirlash, foydalanish va tarixiy shahar va aholi manzillarida zamonaviy binolar qurish loyihalarini ishlash;

tarixiy shahar, aholi manzilgohlarini qayta qurish loyihalari va madaniy meros obyektlarining muhofaza hududlari loyihalarini ishlash;

moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarini raqamli kataloglashtirish monitoringini olib borish;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xoʻjalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar oʻtkazishga oid loyihalar yaratish;

arxeologiya tadqiqotlarini amalga oshirish, tadqiqotlar natijasi boʻyicha ilmiy hisobotlarni tayyorlash, arxeologiya yodgorliklarini konservatsiyalash, tuzatish, taʼmirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish loyihalarini ishlab chiqish;

Oʻzbekistonning oʻziga hos tomonlarini hisobga olib qurilish, fizika, ximiya, biologiya, sanʼat tarixi va boshqa fanlarda erishilgan natijalar asosida madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarini boqiylashtirish va taʼmirlash uchun foydalaniluvchi yangi usullarni ishlab chiqish va tadbiq etish;

madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarini taʼmirlash, tiklash va konservatsiya faoliyatida yangi materiallarni yaratish borasida tadqiqotlar olib borish, ishlab chiqarish jarayonini tayyorlash va ularni ishlab-chiqarish uchun kichik korxonalar tuzishga qadar ishlar;

YUNESKOning “Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi konvensiyasi talablari asosida, YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarning boshqarish rejalarini ishlab chiqish, merosga boʻlgan taʼsirini baholash hamda Umumjahon merosi dastlabki roʻyxatiga kiritiladigan obyektlarning oʻziga xosligi va ahamiyatini oʻrganish uchun tavsiya va loyihalarini ishlab chiqadi;

moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, saqlash, restavratsiya, konservatsiya, rekonstruksiya hamda foydalanishga doir takliflar ishlab chiqish;

muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini (tasviriy va amaliy bezak sanʼati, arxeologiya, qoʻlyozma kitoblar, numizmatika va boshqalar)ni yuqori darajada taʼmirlash va restavratsiya qilish uchun malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda amalga oshirish;

innovatsion texnologiyalardan keng foydalangan holda muzeylarni tashkil etish, arxeologik yodgorliklarni ochiq osmon ostidagi muzeylarga aylantirishning ilmiy asosini hamda loyihalarini tayyorlash;

nomoddiy madaniy meros obyektlarining tarmoqlari, yoʻnalishlari, janrlari va uslublarini tasniflash, maʼlumotlarni tizimga solish, saqlash va yangilab borish, sifat holatini aniqlash va uning natijalari boʻyicha hisobotlar tuzish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?