Oʻzbekistonda texnikumlarning ayrim bitiruvchilari OTMga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi

16:31 26 Fevral 2021 Jamiyat
1334 0

Hukumatning oliy taʼlim muassasalari huzuridagi texnikumlarning bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashga doir qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari huzuridagi texnikumlarning kunduzgi taʼlim shaklini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qabul qilish:

toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi, bunda, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishning toʻlov miqdorini belgilash bir talabani oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar miqdoridan kelib chiqib amalga oshiriladi;

texnikum bitiruvchilari tahsil olgan texnikum boʻysunuvi boʻyicha tegishli oliy taʼlim muassasasining sirtqi, kechki va masofaviy taʼlim shakllariga amalga oshiriladi. Agar tegishli oliy taʼlim muassasasida muayyan taʼlim yoʻnalishi (kursi) boʻyicha sirtqi, kechki va masofaviy taʼlim shakli mavjud boʻlmagan taqdirda kunduzgi taʼlim shakliga qabul amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari huzuridagi texnikumlarning kunduzgi taʼlim shaklini muvaffaqiyatli tamomlagan, oliy taʼlim muassasasi bakalavriatiga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali qabul qilish uchun oʻtkaziladigan tanlovda ishtirok etuvchilar toifasiga texnikumda oʻqish davrida oʻzlashtirish baholari faqat “aʼlo” va “yaxshi” boʻlgan, shu jumladan, oʻzlashtirish baholarining kamida 50 foizi “aʼlo” boʻlgan fuqarolar kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari huzuridagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasasi bakalavriatiga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali qabul qilish tartibi faqatgina texnikumni tamomlagan yil uchun tatbiq etiladi.

Yuqorida qayd etilgan toifaga kirmaydigan hamda texnikumni bitirgan yilidan keyingi yillarda oʻqishga kirish istagini bildirgan fuqarolarni oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Oliy taʼlim muassasasi rektori ¬ qabul komissiyasi raisi buyrugʻi bilan har bir taʼlim yoʻnalishi boʻyicha alohida Suhbat komissiyasi tashkil etiladi.

Suhbat komissiyasi 7 tadan kam boʻlmagan tarkibda tashkil etiladi va uning tarkibiga kadrlarning asosiy ish beruvchilari boʻlgan korxona, tashkilotlar va oliy taʼlim muassasasi boʻysunuvi boʻyicha vazirlik va idoralarning xodimlari hamda boshqa oliy taʼlim muassasalarining tegishli soha boʻyicha professor-oʻqituvchilari kiritilishi mumkin.

Suhbat jarayoni toʻliq videokuzatuv ostida oʻtkaziladi va jarayon ota-onalar, kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga onlayn translyatsiya qilib boriladi.

Suhbat jarayoni toʻliq videokuzatuv ostida oʻtkazilishi va videoyozuvlarning kamida uch yil oliy taʼlim muassasasida saqlanishini taʼminlash masʼuliyati shaxsan oliy taʼlim muassasasi rektori zimmasiga yuklatiladi.

Suhbat jarayoniga jamoatchilik vakillari ham xolis kuzatuvchi sifatida jalb etilishi mumkin.

Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varagʻiga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan aʼzolarining kamida 50 foizi tavsiya etish tarafdori boʻlgan texnikum bitiruvchilari oliy taʼlim muassasasi rektori tomonidan talabalikka tavsiya etiladi.

Talabalikka tavsiya etilganlar roʻyxati bir kun muddatda oliy taʼlim muassasasining veb-saytida eʼlon qilinadi va shu kundan boshlab ularga belgilangan namunadagi toʻlov-kontrakt blankalari oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?