O‘zbekistonda ta’sis etilgan yangi jurnalning ilk soni nashrdan chiqdi

13:02 08 Iyun 2018 Jamiyat
1873 0

Jurnal keng o‘quvchilar auditoriyasi, jumladan, tadbirkorlar, siyosiy, ekspert-tahlil doiralari vakillari hamda yurtimizga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda O‘zbekistonda yuz berayotgan so‘nggi o‘zgarishlar, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar doimiy sarhisob qilinadi.

— Yangi nashr markazimizning navbatdagi sa’y-harakatlari mahsuli, — deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Akmal Burhonov. — Jurnalimizda tahliliy maqolalar, infografikalar, mustaqil ekspertlarning fikr-mulohazalari, dolzarb intervyular berib boriladi. Uning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, o‘quvchilar mamlakatimizni yanada rivojlantirishga doir takliflarni maxsus tashkil etilgan rukn orqali berishlari mumkin.

“O‘zbekiston strategiyasi” jurnali o‘zbek, rus va ingliz tillarida har chorakda chop qilinadi. Rejaga ko‘ra, u yurtimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar vakolatxonalari, O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalarida, shuningdek, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning mahalliy hamda xalqaro reyslarida, yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar gavjum go‘shalarda ham tarqatiladi.

Jurnalning ilk sonida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan tadbirlar natijalariga bag‘ishlangan turkum materiallar o‘rin oldi.

— Jurnal tahririyati yurtimizda yuz berayotgan so‘nggi o‘zgarishlar, Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlardan manfaatdor bo‘lgan barchani muloqotga chorlaydi, — deydi A. Burhonov.
O. LUTFULLAYEV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?