O'zbekistonda tashqi qarz masalasida xavotirga oʻrin yoʻq

17:26 13 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
672 0

Rivojlangan davlatlarning tashqi qarzi YAIMdan yuqori boʻlsa-da, fuqarolari farovon turmush kechiryapti.

Shunday ekan, asl mohiyatni anglamay turib, bugungi voqea-hodisalarga bilar bilmas yondashuvlar bilan ijtimoiy tarmoqlar va internet olamida mushtariylari sonini oshirib, oʻz maqsadi yoʻlida asossiz fikrlayotgan nashrlar koʻpayib bormoqda. Bunga birgina misol sifatida Oʻzbekistonning keyingi yillarda jalb qilayotgan investitsiyalari va buning natijasida tashqi qarz ortib ketayotgani haqidagi xabarlarni keltirish mumkin.

Soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston davlat qarzi, xususan, tashqi qarz va uning tarkibi boʻyicha maʼlumotlar eʼlon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda turli tanqidiy ruhdagi fikrlar avj ola boshladi.

Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil 1-iyul holatiga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldigʻi dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 19,4 mlrd. dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 34,0 foizni tashkil etadi. Shundan: 17,31 mlrd. AQSH dollari tashqi qarz, 2,1 mlrd. AQSH dollari esa, davlat ichki qarzidir. Oʻzbekiston tashqi qarzining asosiy qismi mintaqaviy va jahon taraqqiyot banklaridan jalb qilingan.

Avvalo taʼkidlash lozimki, davlat qarzining maqbul darajasi haqida umumqabul qilingan yagona mezon mavjud emas. Rivojlangan mamlakatlarga nisbatan odatda davlat qarzining YAIMga nisbati koʻrsatkichi 60 foiz boʻlishi eng koʻp eʼtirof etilgan mezon sifatida qaraladi.

Xoʻsh, haqiqatda davlat qarzi darajasi boʻyicha rivojlangan mamlakatlarda ahvol qanday? Masalan, Yaponiyaning davlat qarzi YAIMga nisbatan 2019-yil yakunlari boʻyicha 236,6 foizni tashkil etgan. 2020-yil yakuniga kelib, 250 foizga chiqishi kutilmoqda.

Yevrohududda davlat qarzining YAIMga nisbati koʻrsatkichi 2020-yilning 1-choragida oʻrtacha 86,3 foizni tashkil etgan. Yevropa Ittifoqi boʻyicha davlat qarzining YAIMga nisbatining oʻrtacha koʻrsatkichi 79,5 foizni tashkil etgan.

2020-yil 1 choragi holatiga davlat qarzining YAIMga nisbati eng yuqori boʻlgan YEI davlatlari qatoriga Gretsiya (176,7%), Italiya (137,6%), Portugaliya (120,0%), Belgiya (104,4%) va Fransiyani (101,2%) kiritish mumkin.

Hammamizga maʼlumki, davlat qarzining tarkibida 1 mlrd. AQSH dollari miqdorida Oʻzbekistonning yevrobondlari ulushiga toʻgʻri keladi. Ushbu obligatsiyalarning emissiya qilinishi bilan iqtisodiyotimiz tarixida yangi bosqich amalga oshirildi, sababi unga qadar mamlakatimiz xalqaro fond bozorlaridan mablagʻlar jalb etgan emas edi. Buning asosiy omillaridan biri – Oʻzbekistonning ochiqlik siyosatini amalga oshirayotgani bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchisi – mamlakatimizni suveren kredit reytingiga ega boʻlishi bilan izohlanadi.

Umuman, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston tashqi qarzini YAIMga nisbatan koʻra 55 foizgacha jalb etishni moʻtadil yoki barqaror deb baholashini maʼlum qilgan. Demak, hozirgi kunda Oʻzbekistonning tashqi qarz jalb etish imkoniyati bor.

2020-yil aprel oyida eʼlon qilingan Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning uzoq muddatli kredit reytingini “BB-” (barqaror) darajada ekanligi muhim hisoblanadi. Ushbu holat Oʻzbekistonga qoʻshimcha tashqi mablagʻlarni jalb etishga imkoniyati mavjudligini anglatadi.

Shuningdek, oltin-valyuta zaxiramiz importni kamida uch oy davomida qoplashiga yetishini inobatga olsak, biz tashqi qarzni bemalol jalb etishimiz mumkinligini taʼkidlash lozim.

Tashqi qarzni birinchi navbatda davlat dasturlarini va davlat zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ayniqsa, soliq tushumlari boʻyicha berilayotgan taʼtillar davrida jalb etiladigan qarz mablagʻlarini byudjet daromadlari oʻrnini toʻldirish uchun foydalanish maqsadga muvofiq boʻladi, deb oʻylaymiz.

Shu bilan birga, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida: “Byudjet mablagʻlarining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yana-da kuchaytirish zarur. Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablagʻlarni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy eʼtibor qaratiladi”, degan edi.

Demak, tashqi qarzni makroiqtisodiy koʻrsatkichlar holatini inobatga olgan holda jalb etish davlatimiz tomonidan ham alohida eʼtiborga olinishi belgilanmoqda. Tashqi qarzni moʻtadil darajasini taʼminlamasak, kelajakda makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy taʼsir etishi mumkin.

Muxtasar qiladigan boʻlsak, Oʻzbekistonning ayni paytda tashqi qarz olishi masalasi muhim. Chunki pandemiya davridagi iqtisodiy harakatsizlik holatida yalpi talab va yalpi taklifni taʼminlash orqali iqtisodiy faollikni minimal darajasida saqlab turishga imkon beradi.

Bundan tashqari, jalb qilingan tashqi qarzning maqsadli va samarali foydalanilishi boʻyicha shaffoflikni taʼminlash, bu boradagi axborotlarni keng jamoatchilikka maʼlum qilinishini ham ijobiy qadam sifatida baholash zarur. Shu boisdan, hukumat tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar ushbu olinadigan qarzlarni samarali ishlatilishiga kafolat boʻla oladi, deb hisoblayman.

Nodir JUMAYEV,
iqtisod fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?