Innovatsion rivojlanish vaziri Isroil elchisini qabul qildi

17:55 26 Noyabr 2020 Jamiyat
262 0

25-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Isroil davlatining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Zeavit Ben Xillel xonimni qabul qildi. Bu haqda vazirlik Matbut xizmati xabar berdi.

Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekistonda innovatsion ekotizimni shakllantirishda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan sohaga doir qonun hujjatlari, yurtimizning innovatsion strategiyasining mazmun-mohiyati bilan elchini tanishtirdi. Startaplarni rivojlantirish, qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovlarini tashkil etish, innovatsion tadbirkorlikni qoʻllab quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning koʻlami haqida gapirdi. Nobel mukofoti laureati Dan Shextmanning Oʻzbekistonga tashrifi, Isroilning “Maya International” kompaniyasi bilan sunʼiy yoʻldosh orqali quvurlardan suv sizishini aniqlaydigan texnologiya transferi hamda havodan suv oladigan uskuna yaratuvchi “Watergen” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Shuningdek, Innoweek 2018 innovatsion gʻoyalar haftaligida eng yaxshi startap deb topilgan Sleanbox loyihasi Isroilning nufuzli xalqaro StartHaifa tanlovida ham birinchilikni qoʻlga kiritgan.

Zeavit Ben Xillel xonim oʻz navbatida Isroil Oʻzbekistonda asosiy uch yoʻnalishda hamkorlik qilishni oʻz oldiga maqsad qilganini aytib oʻtdi, bular – qishloq xoʻjaligi, maxsus taʼlim va innovatsiyalardir.

Suhbat davomida vazirlik huzuridagi Yoshlar akademiyasi aʼzolari uchun turli yoʻnalishlarda onlayn mahorat darslari va seminarlar oʻtkazish, isroillik mutaxassislarni startaplarga mentorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Oʻz navbatida, elchi xonim bolalar, oʻsmirlar va yoshlarda ilm-fan va innovatsiyalarga qiziqishni oshirish maqsadida vazirlikda tashkil etilgan “Science for kids” dasturi, “Technoways” texnologik rivojlanish marafoni kabi tadbirlarga qiziqish bildirdi. Isroil televideniyesida muntazam ravishda namoyish etiladigan bolalar uchun turli fan yoʻnalishlaridagi oʻquv-koʻngilochar koʻrsatuvlarni oʻzbek tilida suratga tushirish va ularni mahalliy kanallarga taqdim etish zarurati haqida fikr almashildi. Bu ishga isroillik mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlarini oʻrganishga kelishildi.

Isroil tashqi ishlar vazirligi huzuridagi xalqaro hamkorlik boʻyicha MASHAV agentligi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi oʻrtasidagi hamkorlikni amalga oshirish uchun maxsus dastur ishlab chiqish lozimligi qayd etildi. Ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilindi.

Tomonlar Oʻzbekiston innovatsion ekotizimini rivojlantirishda Isroilning boy tajribasidan foydalanishni davom ettirishga kelishdilar. Uchrashuv doʻstona ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?