Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti boʻlib oʻtadi

14:51 12 Sentyabr 2022 Siyosat
599 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari boʻlib oʻtadi.

Sammit ishida SHHTga aʼzo mamlakatlar – Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi, Qirgʻiz Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus Respublikasi, Moʻgʻuliston va Eron Islom Respublikasi yetakchilari ishtirok etadi.

Faxriy mehmon sifatida Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan.

Samarqand sammitining kun tartibiga muvofiq koʻp tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari. SHHTni rivojlantirishning amaliy jihatlari va ustuvor vazifalari koʻrib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Yakunda tashkilot faoliyatini kengaytirish va ustuvor sohalardagi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar toʻplamining imzolanishi kutilmoqda.

Taʼkidlash joizki, boʻlajak majlis SHHT yetakchilarining 2020-yilda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan soʻng oʻtgan oxirgi uch yilda birinchi yuzma-yuz uchrashuvi boʻladi.

Shuningdek, sammit Oʻzbekiston Respublikasining SHHTdagi raisligiga yakun yasaydi. Oʻtgan davrda 80 dan ortiq yirik tadbir oʻtkazilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?