O’zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni saralab jamlash tizimiga o’tiladi

11:01 09 Mart 2018 Iqtisodiyot
1891 0

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan sanitar tozalash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlariga oid qarorida mamlakatimizda qattiq maishiy chiqindilarni saralab jamlash tizimiga o’tishning asosiy yo’nalishlari hamda vazifalari belgilab berildi.
Qayd etilishicha, qattiq maishiy chiqindilarni saralab jamlash tizimi turli rangdagi chiqindi konteynerlarini o’rnatishni talab qiladi. Odatda oq rangli konteyner – qog’oz chiqindilari, havorang konteyner – plastmassa bo’laklarini va sariq rangdagi konteyner esa —  oziq-ovqat qoldiqlari uchun ishlatiladi.
Eslatib o’tamiz, chiqindilarni saralab  jamlash tizimi Toshkentda 2012  yildan buyon ishga tushirish rejalashtirilgan, lekin bu reja haligacha amalga oshirilmagan edi.
Hujjatga ko’ra, ikki oy ichida O’zbekistonda 2018-2021 yillarda maishiy chiqindilarni saralab  jamlash tizimini ishga tushirish bo’yicha “yo’l xaritasi”, 2018 yilning 1 noyabridan esa qattiq chiqindilarni boshqarish borasida Milliy strategiya loyihasi tayyorlanishi lozimligi ko’rsatib o’tilgan.
Ta’kidlanishicha, O’zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash infratuzilmasi asta-sekin yaratilayapti. Oxirgi bir yarim yil ichida  yurtimizning 9 shahrida 1,2 million tonnadan ortiq chiqindilarni jamlash, saralash, tashib chiqish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo’yicha klasterlar yaratildi.
Bundan tashqari, respublikada 13 ta “Toza hudud” hududiy unitar korxonasi va ularning 174 ta filiali tashkil qilinib, ular kerakli maxsus texnikalar bilan jihozlangan. Pirovardida aholiga sanitar tozalash xizmatlari ko’rsatish hajmi 10 baravar oshdi.
O’z navbatida, barcha aholi punktlarida 322 ta yangi turdagi chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurildi. Chiqindi jamlash punktlari 2652 ta zamonaviy konteyner bilan ta’minlandi, 97 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni jihozlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?