Oʻzbekistonda Paralimpiya istiqbollari muhokama qilindi

16:54 20 May 2021 Sport
1212 0

Foto: Sardor MULLAJONOV ("Xalq so'zi")

Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi hamkorligida “Oʻzbekistonda Paralimpiya istiqbollari” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar, istiqboldagi rejalar boʻyicha jurnalistlarga batafsil maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlanganidek, qarorga muvofiq, barcha turdagi sport taʼlim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun sport boʻlimlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda iqtidorga ega boʻlgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yoʻnaltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishni taʼminlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimni joriy etish belgilandi. Shuningdek, hujjat bilan paralimpiya sport turlari boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib oʻrin egallashlarini ragʻbatlantirish, jismoniy va ijtimoiy moslashuvi integratsiyasini dasturiy-uslubiy taʼminlash rejalashtirilmoqda. Sport taʼlim muassasalarida (shu jumladan, oliy taʼlim muassasalarida) faoliyat yuritayotgan paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish tizimini kuchaytirish kabi masalalar ham qarorda oʻz ifodasini topgan.

Bundan tashqari, Prezident qarori bilan paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Paralimpiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari tashkil etiladi. Ushbu qaror bilan shuningdek, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Paralimpiya fakulteti, Paralimpiya qoʻmitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash instituti ham tashkil etiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan boshlab “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarni parasport turlari bilan keng qamrab olish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda jamiyatga integratsiya qilish maqsad qilingan.

Shuningdek, qarorga muvofiq, har yili 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuniga bagʻishlab koʻzi ojizlar, zaif eshituvchilar va amputantlar oʻrtasida parasport turlari turkumiga kiritilgan parastol tennisi, 5x5 futbol, golbol, parayengil atletika, parapauerlifting, parabadminton, shaxmat va boshqa sport turlari boʻyicha Toshkent shahrida respublika parasport festivali, shuningdek, boshqa hududlarda parasport festivallari tashkil etiladi.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”).

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?