Oʻzbekistonda oʻninchi bor jigar transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Bu safar bemorga turmush oʻrtogʻi donorlik qildi

20:34 17 Sentyabr 2021 Jamiyat
999 0

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Toshkentdagi akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari tomonidan yana bir ortotopik jigar transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 

Shu yilning avgust oyida oʻtkazilgan operatsiyadan soʻng markaz mutaxassislari tomonidan jigarida patologik oʻzgarishlari boʻlgan koʻp sonli bemorlarga turli maslahatlar berilgan. Tirik donordan jigarning bir qismini koʻchirib oʻtkazish amaliyoti uchun ana shu bemorlar ichidan eng ogʻir ahvoldagisi tanlab olingan. Uchtepa tumanida yashovchi 32 yoshli Oʻktam Ahmedovga ayoli, 28 yoshli Farangiz Ahmedovaning jigaridan bir boʻlagi koʻchirib oʻtkazildi. Operatsiyaga boshchilik qilgan xirurg, professor Mirshavkat Akbarovning taʼkidlashicha, dastlabki tekshiruvlarda bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan boʻlgan. Lekin tekshiruvlar anatomik xususiyatlari tufayli uning jigaridan oʻng boʻlagini olish mumkin emasligini koʻrsatgan. Keyin esa bemorning turmush oʻrtogʻi tekshirilib, jigarning oʻng boʻlagini olish uchun barcha koʻrsatkichlar mos kelgan. Operatsiya texnik qiyinchiliklar bilan 14 soat davom etgan boʻlishiga qaramasdan, barcha jarayonlar ijobiy yakunlangan. Hozirgi paytda bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, donor esa palataga oʻtkazilgan. 

— Koʻz oldingda turmush oʻrtogʻingning kasallikdan soʻlib borayotganini, bundan farzandlaring ham ezilayotganini koʻrish ayol kishi uchun juda ogʻir, — deydi donor Farangiz Ahamedova. — Besh yildirki, turmush oʻrtogʻim jigar xastaligidan aziyat chekadi. Shu vaqtgacha juda koʻplab shifoxonalarda davolanib, turli muolajalar oldi, lekin foydasi boʻlmadi. Soʻng shifokorlar turmush oʻrtogʻimning kasallikdan toʻliq sogʻayib ketishi uchun jigar koʻchirib oʻtkazish jarrohlik amaliyotini oʻtkazish zarurligini aytishdi. Atrofdagi koʻpchilik buning uchun Hindistonga borish kerakligini va amaliyot ancha qimmat ekanini aytdi. Bundan tushkunlikka tushgandik. Keyin esa mana shu shifoxonada bunday amaliyot oʻtkazish yoʻlga qoʻyilganidan, dastlab bunday operatsiyani boshdan oʻtkazgan bemorlarning ahvoli juda yaxshi ekanidan xabar topdik. Shifoxonaga order orqali kelganimiz uchun mablagʻ masalasida ham hech qanday muammo boʻlmadi. Ushbu muassasada turmush oʻrtogʻimga jigarimning bir boʻlagini koʻchirib oʻtkazishdi. Operatsiyadan yaxshi chiqdik. Hozirda turmush oʻrtogʻimning ham, mening ham ahvolimiz yaxshi. Oʻzim yuryapman, ovqatlanyapman. Turmush oʻrtogʻimni ham bir-ikki kunda palataga olishar ekan. Shifokorlar juda yaxshi qarashyapti. Fursatdan foydalanib, ularga koʻpdan-koʻp rahmat aytaman. Nasib boʻlsa, yaqinda turmush oʻrtogʻim bilan birgalikda oilamizga, 3 nafar qizlarimizning oldiga qaytamiz. 

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, bu — yurtimizda amalga oshirilgan oʻninchi, oʻzbek shifokorlari tomonidan mustaqil ravishda oʻtkazilgan ikkinchi ortotopik jigar transplantatsiyasi amaliyotidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?