“Oʻzbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahlil markazi tashkil etildi

20:01 18 Sentyabr 2021 Jamiyat
853 0

 

Korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlik va halollik mexanizmlarini takomillashtirish va rivojlantirishda ishtirok etish, shuningdek davlat organlari va tadbirkorlar faoliyatining shaffofligi, hisobdorligi, halolligi va haqqoniyligini taʼminlashda jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida “Oʻzbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahlil markazi tashkil etildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlum qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish masalalarida tahlil va tadqiqotlar olib boradigan ushbu nodavlat notijorat tashkilot oʻz faoliyatini oshkoralik, kollegiallik, oʻzaro hurmat, teng huquqlilik, ixtiyoriylik tamoyillari asosida olib boradi.

Markazning asosiy vazifalari etib, quyidagilar belgilandi:

– korrupsiyaning sabablarini va oqibatlarini hamda u yetkazayotgan zararni aniqlash;

– korrupsiyaviy harakatlar oqibatlarini aniqlash, kamaytirish va oldini olish boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish;

– ochiqlik va shaffoflik, korrupsiyaning oldini olish, qonun ustuvorligini taʼminlash boʻyicha xalqaro standartlar, amaliyot va muammolarni oʻrganish hamda ularni Oʻzbekiston sharoitida qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

– davlat va jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurash, huquq ustivorligi, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash sohasida ilmiy faoliyat olib borish, dissertatsiyalar, monografiyalar, darsliklar va boshqa ilmiy-uslubiy ishlar tayyorlash;

– ochiqlik va shaffoflik, korrupsiyaning oldini olish va qonun ustuvorligini taʼminlash masalalari boʻyicha xalqaro, mintaqaviy, xorijiy va mahalliy dasturlarda, loyihalarda, grantlarda va boshqa tadbirlarda ishtirok etish.

Shuningdek, mazkur tuzilma korrupsiya darajasi, uning qabul qilish holati va shaxsiy hayotida duch kelish darajasini, davlat hokimiyati institutlariga ishonch darajasi va korrupsiyaga qarshi choralar taʼsirini baholash maqsadida jamoatchilik fikrini oʻrganadi.

Taʼkidlash joiz, “Oʻzbekistonda ochiqlik va shaffoflik” tahlil markazi Transparency International xalqaro nohukumat tashkilotida akkreditatsiyadan oʻtish va boshqa ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlishni, ular bilan hamkorlik qilish va boshqa qator vazifalarni bajarishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Markaz faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi va hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildiradi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?