Oʻzbekistonda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish boʻyicha birinchi laboratoriya tashkil etildi

19:31 29 Noyabr 2021 Jamiyat
508 0

Koreya Respublikasi Madaniy meros fondi bevosita Turizm va sport vazirligi, Koreya hukumati hamda Koreya Madaniy meros boshqarmasi bilan birgalikda 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston madaniy merosini asrash boʻyicha ODA (Offissial Development Assistance) loyihasini amalga oshirdi. 

Mazkur loyiha oʻzbek xalqi uchun muhim boʻlgan qadimiy topilmalarni kelajak avlodga yetkazish hamda ularni saqlash imkonini beradi. 

Loyihaning 1-bosqichi doirasida 700 ming AQSH dollari miqdoridagi grant asosida Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi qoshida arxeologik topilmalarni oʻrganish va tiklash boʻyicha zamonaviy laboratoriya tashkil etildi, soha mutaxassislari uchun mahorat darslari oʻtkazildi hamda 95 ta eksponat qayta tiklandi, Afrosiyob muzeyidagi devorga bitilgan rasmlar namoyish etilayotgan xona taʼmirlandi.

Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyining mavjud taʼmirlash laboratoriyasini modernizatsiya qilish maqsadida muzey binosining 4-qavatidagi koʻrgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, zamonaviy taʼmirlash uskunalari va inventarlari bilan taʼminlandi hamda jihozlandi. 

Muzey qoshidagi taʼmirlash laboratoriyasiga 87 ming dollarlik 120 dan ortiq restavratsiya toʻplami va zamonaviy jihozlar keltirildi.

Loyiha doirasida Oʻzbekistondan 6 nafar mutaxassis muzey boyliklarini restavratsiya qilish uslublariga oʻqitildi. Ular tomonidan muzeyda namoyish etilgan bir qancha sopol va metall buyumlari rekonstruksiya qilindi.

Shuningdek, Koreya davlatining konservatsiya sirlarini ochib beruvchi zamonaviy oʻquv-uslubiy qoʻllanma taqdim etildi, loyihaning yakuniy bosqichida laboratoriyaning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga qoʻshimcha eʼtibor qaratildi.

Loyihaning ikkala qismida Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash va boshqarish, ularni tadqiq qilish va qazish davomida oʻzaro tajriba almashish, zamonaviy arxeologik bilim va koʻnikmalarni takomillashtirish, yodgorliklarni ochiq muzey holatiga keltirish, ularni moddiy-texnika bazasi bilan taʼminlash, restavratsiya markazlari va restavratorlar saviyasini koʻtarish koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?