Koronavirusdan qanday saqlanish mumkin? Shifokor tavsiyalari

16:02 30 Mart 2020 Jamiyat
882 0

Illyustrativ surat

Ayni paytda dunyoda insonlarning hayotiga xavf solayotgan yangi koronavirus (2019-nCoV) epidemiyasiga qarshi kunu-tun shifokor va olimlarning kurashayotgani hamda ularning har bir inson hayotini saqlab qolishdagi xizmatlari yuksak eʼtiborga sazovordir.

Koronavirus — oʻpka toʻqimasining shikastlanishi, nafas olishning izdan chiqishi bilan kechuvchi ogʻir kasallikdir. Immuniteti past boʻlgan yoki boshqa kasalliklarga chalingan insonlar uchun xavfli hisoblanadi.

Aslida shunga oʻxshash viruslar insoniyat tarixi uchun yangilik emas. Tarixdan maʼlumki, ajdodlarimiz turli xil koʻrinishdagi pandemik jarayonlarni jumladan, koronavirusdan ham ogʻir boʻlgan oʻlat, vabo va boshqa virusli hamda oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni ham yengib kelgan.

Xalqimizda tibbiy madaniyat azaldan shakllanib kelgan. Koʻplab kasalliklarning oldini olish maqsadida odamlar uyga kelganda va mehmonga borganda, dasturxonga oʻtirishdan oldin qoʻllari va yuzlarini yuvishi xalqimizda qadimdan shakllanib kelgan anʼanalardan hisoblanadi. Tibbiy madaniyatga, ayniqsa, uydagi oshxonaning tozaligiga va pokizaligiga katta eʼtibor qaratilgan.

Bilamizki, biz yashab turgan Ona zaminimiz buyuk neʼmatlarga, dorivor oʻsimliklar va totli mevalarga juda boy. Tibbiyot olamining buyuk allomasi Abu Ali ibn Sino ham oʻpka nafas olish faoliyatini buzuvchi barcha turdagi xastaliklarni davolashda tabiiy mevalar va oʻsimliklardan keng foydalangan.

Buyuk alloma bobomiz tomonidan quyidagilar eng koʻp tavsiya etilgan:

  • quruq anjirni qaynatib ichish;
  • anor poʻstini qaynatib ogʻiz va tomoqlari chayish hamda ichish;
  • arpabodiyon urugʻini qaynatib ichish;
  • behini koʻp isteʼmol qilish;
  • arpani qaynatib ichish;
  • achchiq bodomni va uning yogʻini shakar bilan aralashtirib yeyish;
  • oddiy piyoz va sarimsoq piyozni har kuni ovqat bilan birga isteʼmol qilish;
  • isiriq urugʻi va zigʻir urugʻini qaynatib ichish;
  • naʼmatak mevasi va limonli choyni asal bilan qoʻshib doimiy ichish.

Bu neʼmatlarning barchasi oʻzimizda mavjud boʻlib immunitetni oshirgan, yoshi ulugʻ onaxonlarimiz kasalliklarning turlariga qarab yuqoridagi neʼmatlardan hozirgi kunga qadar doimiy holda samarali foydalanib kelmoqda.

Shuningdek, koronavirusdan saqlanish va unga qarshi kurashishda shifokorlarimiz bergan barcha tavsiyalarni soʻzsiz bajarish, yaʼni sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish, qoʻl va yuzni doim antiseptik vositalar, sovunlar, dezinfeksiyalovchi suyuqliklar bilan yuvish, ovqat mahsulotlariga termik ishlov berish, koʻchaga iloji boricha chiqmaslik, begona kishilar bilan yaqin muloqotda boʻlmaslik yoki masofa saqlash, uydagi barcha ochiq joylarni xlor saqlovchi eritmalar bilan tozalash hamda uydan tashqari barcha holatlarda shaxsiy niqob (maska)da yurish, niqoblarga har uch soatda ximik yoki termik ishlov berish, ularni almashtirish kerak boʻladi.

Yuqoridagilarga amal qilish orqali nafaqat oʻzimiz, oilamiz va yurtimizni asraymiz, qolaversa virusni ham albatta yengib chiqamiz!
A. Radjapov
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi bosh shifokori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?