Oʻzbekistonda kimyoviy oʻgʻitlarning zararli taʼsirini yumshatish boʻyicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda

02:42 28 Aprel 2024 Iqtisodiyot
459 0

Illyustrativ foto

Poytaxtimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Agrokimyoviy taʼsirlarni yumshatish strategiyasini ishlab chiqish orqali aholi salomatligi va suv resurslaridan foydalanishni takomillashtirish» loyihasi boʻyicha kirish seminari boʻlib oʻtdi. Unda milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, loyihaning maqsad va vazifalari haqida maʼlumot berishdi.

Mamlakat iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligi bilan uzviy bogʻlanganligi sababli, ekinlar hosildorligini oshirish uchun kimyoviy oʻgʻitlar keng qoʻllaniladi. Biroq, qishloq xoʻjaligida kimyoviy oʻgʻitlardan foydalanish juda muhim va dolzarb muammodir. Chunki bu moddalardan intensiv foydalanish suv resurslarini ifloslantirishi, shu bilan birga atrof-muhitga va inson salomatligiga tahdid solishi mumkin.

Foto: “Xalq soʻzi”

FAOning yangi loyihasi kimyoviy oʻgʻitlardan va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan boʻlib, kimyoviy vositalarning suv va yer sifati hamda inson salomatligiga taʼsirini baholash uchun keng qamrovli tadqiqotlarni taklif qiladi. Loyihaning amalga oshirilishi suv resurslarini samarali boshqarish, qishloq aholisi salomatligini muhofaza qilish va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Loyihani amalga oshirish jarayonida bir guruh mutaxassislar Oʻzbekistonda agrokimyoviy oʻgʻitlardan foydalanish orqali ularning suv va tuproq sifatiga va aholi salomatligiga taʼsiri boʻyicha mavjud maʼlumotlarni turli yosh va jins vakillari orasida chuqur tahlil qiladi. Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatda foydalanilayotgan kimyoviy oʻgʻitlarning iqtisodiy samaradorligi qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish va zararkunandalar zararni kamaytirish nuqtai nazaridan baholanadi. Olingan natijalar asosida kimyoviy vositalardan barqaror va tejamli foydalanish boʻyicha metodologiya va siyosiy tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Loyiha doirasida kimyoviy vositalardan foydalanishni kamaytirishning iqtisodiy va ekologik foydalari haqida jamoatchilikni xabardor qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkaziladi. Xususan, fermerlar va boshqa manfaatdor tomonlar uchun oʻquv seminarlari oʻtkaziladi, axborot broshyuralari va onlayn resurslar ishlab chiqiladi. Loyiha yakunida ishlab chiqilgan tavsiyalar va uslubiyotlar keng qamrovli hisobotlarda jamlanadi.

Loyiha kimyoviy oʻgʻitlardan masʼuliyatli hamda toʻgʻri foydalanish nuqtai nazaridan qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshadigan siyosiy, qonunchilik va meʼyoriy hujjatlarni oʻzgartirish boʻyicha harakatlantiruvchi kuchga aylanishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?