Oʻzbekistonda “xufiyona iqtisodiyot”ga qarshi qanday kurashilmoqda? 

19:46 01 Dekabr 2021 Jamiyat
366 0

Bugungi kunda tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlarni aholi, xususan, ishbilarmonlarga yetkazish, ularni qiynayotgan muammolarga barham berish qator vazirlik va idoralar qatorida soliq organlarining ham asosiy vazifalaridan biridir.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasida “Soliq maʼmurchiligining samarasini oshirish orqali tadbirkorlarga teng raqobat sharoitlarini yaratish” mavzuida oʻtkazilgan matbuot anjumani ham ayni shu jihatlarni qamrab oldi. 

Unda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Yu.Nasimjonov, Yangi texnologiyalar ilmiy axborot markazi va boshqarmaning masʼul xodimlari hamda yuzdan ziyod tadbirkorlar ishtirok etdi.

Ochiq muloqot tarzida boʻlib oʻtgan anjumanda tadbirkorlar oʻzlarining muammoli vaziyatlari boʻyicha mutaxassislardan kerakli tavsiyalar olishdi. 

— Har bir tadbirkorning muammosini bartaraf etish bizning ustuvor vazifamizdir, — deydi Toshkent shahar DSB boshligʻi Yunusjon Nasimjonov. — Bugungi kunda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida boshlangan islohotlar natijasida Toshkent shahrida QQS toʻlovchilari soni 2017-yilga nisbatan 14 baravarga oʻsdi yoki 28 275 tani tashkil etmoqda. Xuddi shunday foyda soligʻi toʻlovchilari soni ham 15 baravarga oshdi. Oʻzini-oʻzi band qilgan fuqarolar esa 120 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda.

Taʼkidlash joizki, oxirgi yillarda tizimda olib borilayotgan islohotlar bois Oʻzbekiston soliq sohasida ijobiy oʻzgarishlarga erishayotgan davlatlar roʻyxatida “TOP-20” talikka kirdi. Lekin soliq maʼmurchiligi boʻyicha mukammal tizim yaratilmas ekan, “xufiyona iqtisodiyot”ga qarshi kurashish masalasi dolzarbligicha qolaveradi. Buning eng toʻgʻri hamda yagona yechimi — soliq maʼmurchiligining barcha yoʻnalishga avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini joriy etishdir.

Davlat soliq xizmati organlari tizimida bu borada salmoqli qadamlar tashlanmoqda. Davlat soliq qoʻmitasi maʼlumotlarni qayta ishlash markazining quvvati oʻtgan yilga nisbatan 8 baravar, axborotni qayta ishlash tezligi esa 29 baravarga oshirildi. Hozirda soliq toʻlovchilarning 95 foizi soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida ixtiyoriy bajarmoqda. Bu raqamlashtirish yoʻnalishda amalga oshirilgan islohotlarning dastlabki natijasidir.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan soliq maʼmurchiligining yangi bosqichiga qadam qoʻyildi. Xususan, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarni soliq organlarida maxsus roʻyxatdan oʻtkazishni soliq xavfini baholash asosida amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Yangi tartibga koʻra, joriy yilning 22-dekabridan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazishda soliq toʻlovchilarning soliq xavfi darajasi oʻrganiladi. Maxsus roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha arizalar 7 kun ichida koʻrib chiqiladi. Arizani koʻrib chiqishning birinchi bosqichida soliq toʻlovchilarning soliq xavfi avtomatlashtirilgan tizim orqali oʻrganiladi va natijalarga koʻra ular soliq xavfining yuqori, oʻrta yoki past darajalari boʻyicha toifalarga ajratiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning aktivlarni hisobga olishning yangi mexanizmi — “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimi soliq organlariga asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarni hisobini yuritish, tahlil qilish, ularning harakatini masofadan hisobga olish, har bir ombor kesimida kirim-chiqim qilingan yoki qoldiq tovarlar roʻyxatini shakllantirish imkonini beradi.

QQS toʻlovchilar va ustav jamgʻarmasida davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan yuridik shaxslar 2022-yil 1-yanvardan “E-aktiv” axborot tizimidan foydalanishi majburiy hisoblanadi.

Shu bilan birga, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qoʻyish uchun “Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish” — “Ye-ijara” elektron xizmati yaratilib, “ijara.soliq.uz” internet manzilida sinovdan oʻtkazilmoqda.

Koʻchmas mulk ijara shartnomalari majburiy ravishda soliq organlarida elektron shaklda hisobga qoʻyish amaliyoti 2022-yil 1-yanvardan joriy etiladi.

Elektron hisobvaraq-faktura hamda Mahsulot va xizmatlarning identifikatsion kodi tizimida amalga oshirilayotgan yangiliklar, xususan, tizimdan foydalanish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida kiritilayotgan oʻzgarishlar haqida maʼlumotlarni soliq toʻlovchilarga doimiy bildirib boriladi.

Tadbirda ishtirokchilarga soliq tizimidagi yangilik va  kiritilgan oʻzgartirishlar haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

Zamira QOʻLDOSHEVA, 

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shuʼbasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?