Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurov 80 yoshni qarshiladi

19:46 13 Yanvar 2022 Jamiyat
283 0

Samarqand davlat universitetida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, filologiya fanlari doktori, professor Hotam Umurovning 80 yilligiga bagʻishlangan “Adabiyot nazariyasining dolzarb muammolari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati maʼlum qildi.

Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, professor Rustam Xolmurodov kirish soʻzi bilan ochib, Hotam Umurovni bugungi qutlugʻ kun bilan tabrikladi, oʻzining samimiy tilaklarini bildirdi.

Samarqand adabiy muhitini Hotam Umurovsiz tasavvur qilib boʻlmasligini, Samarqand davlat universitetining ilmiy-ijodiy muhitini shakllantirishda olimning qoʻshgan beqiyos hissasini alohida taʼkidladi.

Shundan soʻng, Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Xurshid Ochilov Hotam Umurovni ushbu qutlugʻ kun bilan muborakbod etdi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tabrigini oʻqib eshittirdi, esdalik sovgʻalari topshirdi.

Soʻz sanʼati tarixi va nazariyasi bilimdoni Hotam Umurovni taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul, Ulugʻbek Hamdam kabi ijodkorlar ham samimiy qutladilar.

— Ustoz Hotam Umurov — Samarqand davlat universitetining haqiqiy jonkuyar, qattiqqoʻl, talabchan professori, yoshlarning eng yaqin maslahatgoʻyi, — deydi universitetning filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev. — Olim ilmiy faoliyati davomida bugungacha 10 dan ortiq fan nomzodi, 3 nafar fan doktorlarini yetishtirgan. Uch darslik, 100 ga yaqin monografiyalar, oʻquv qoʻllanmalari, risolalar, oʻquv-uslubiy tavsiyalar, adabiy-tanqidiy maqolalar toʻplamlarini eʼlon qilgan. Jami eʼlon qilingan ilmiy ishlar soni 500 dan ortiq. Ustozimga sihat-salomatlik, bardavom ijodiy marralar tilayman.

Konferensiya yuqori kayfiyatda, koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?