Oʻzbekistonda ilmiy salohiyatni xalqaro maydonga olib chiquvchi yangi fond oʻz faoliyatini boshladi

21:50 02 Noyabr 2021 Jamiyat
884 0

Foto: Халқ сўзи

Venchur kapital fondlari kuchli oʻsish potensialiga ega boʻlgan startaplar hamda kichik va oʻrta korxonalarda xususiy kapital ulushini olishga intilayotgan investorlarning pullarini boshqaradigan investitsiya fondi hisoblanadi.

Respublikamizda innovatsion gʻoyalar va startap-ekotizimni qoʻllab-quvvatlash, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish jarayonini jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi “UzVC” milliy venchur fondi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 684-sonli Qaroriga muvofiq “UzVC” milliy venchur fondi tashkil etildi. Fondni tashkil etish uchun 1,5 mln AQSH dollari miqdoridagi mablagʻ sarflandi. Bugungi kunda fondga Buyuk Britaniyaning Sturgeon Capital kompaniyasi tomonidan 25 mln. AQSH dollariga teng sarmoya kiritishga erishildi.

 

 

Hozirda xorijiy konsultant hamda fond mutaxassislari bilan birgalikda “UzVC” milliy venchur fondi va xalqaro moliyaviy institutlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha uchrashuvlar tashkillashtirilib muzokaralar olib borilmoqda.

Jumladan, 2021-yilning 2-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida “UzVC” milliy venchur fondi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi – USAID tashkilotining tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish loyihasi boʻyicha mahorat darslarining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

 

“UzVC” milliy venchur fondi va AQSH Xalqaro Taraqqiyot agentligi oʻrtasida venchur sohasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan holda USAID tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida venchur sohasi va startap-ekotizimini rivojlantirish, fond faoliyatini takomillashtirish va tartibga solish maqsadida xorijiy konsultant, Bolgariyaning “Vitosha Venture Partners” venchur fondi boshqaruvchi sherigi Maks Gurvis jalb etildi. Maks Gurvis oʻz nutqida Oʻzbekiston startap-ekotizimi haqidagi mulohazalarini bildirdi:

– Oʻzbekistonga venchur kapital fondi endigina kirib kelgan boʻlsada, yoshlarning ilmiy salohiyati va hukumatning biznesni rivojlantirishga qaratilgan islohotlari fondni rivojlantirish uchun juda qulay sharoit borligini koʻrsatmoqda. Yaqin 10 yillikda UzVC muvaffaqiyatli startap loyihalarni global maydonga olib chiqishiga ishonamiz.

Shuningdek, tadbirda Xalqaro venchur fondi va akselatori “500 startups”, Yevropa investitsiya fondi, EBRD VC, Quest Ventures (Singapur), Sturgeon Capital (Buyuk Britaniya), Vitosha Venture Partners (Yevropa), Startupscale360 (BAA) venchur fondlari vakillari spiker sifatida ishtirok etdi.

Madina Gʻuzorova, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?