Oʻzbekistonda ichimlik suv taʼminoti uchun 2 350 mln dollarga teng 22 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda

22:22 13 Avgust 2021 Iqtisodiyot
640 0

Bu haqda AOKAda «Oʻzsuvtaʼminot» AJ mutasaddilari ishtirokida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish yuzasidan Xalqaro moliya institutlari (XMI) ishtirokida umumiy qiymati 2 350 mln. dollarga teng boʻlgan jami 22 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyihalar quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtirilmoqda:

1 972,9 mln. dollar (83,9%) XMI mablagʻlari;

377,6 mln. dollar (16,1%) davlat byudjeti mablagʻlari.

Investitsiya dasturiga muvofiq, 2021-yilda 22 ta loyiha boʻyicha jami 201,3 mln. dollar miqdoridagi investitsiyalarni oʻzlashtirish belgilangan.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida 82,5 mln. dollar miqdorida xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlari oʻzlashtirildi. Oʻzlashtirilgan kredit mablagʻlarining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (jami hajmga nisbatan 36,3 foiz), Jahon banki (35,1 foiz), Islom taraqqiyot banki (19,4 foiz), Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi (4,7 foiz) hamda OPEK jamgʻarmasi (3,4 foiz) hissasiga toʻgʻri keldi.

Kredit mablagʻlarining asosiy qismi Buxoro viloyati (23,8 mln. dollar), Toshkent viloyati (19,2 mln. dollar), Sirdaryo viloyati (16,0 mln. dollar), Samarqand viloyati (11,2 mln. dollar), Jizzax viloyati (9,0 mln. dollar) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi (1,7 mln. dollar) hissasiga toʻgʻri keldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?