Oʻzbekistonda hozirda bolalar orasida koronavirus bilan kasallanish va oʻlim koʻrsatkichlari qanday? — dolzarb savollarga aniq javoblar berildi

16:14 28 Avgust 2020 Jamiyat
597 0

Bugun AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Abdusamatova dolzarb savollarga javob qaytardi.

Savol: 14-sentyabrdan maktablar ochilishi koʻzda tutilgan. Bu borada maktab direktorlari, oʻqituvchilar, oʻquvchilar uchun alohida tushuntirish ishlari olib boriladimi?

Javob: Sogʻliqni saqlash vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi hamkorlikda pandemiya sharoitida taʼlim muassasalarida 2020/2021 oʻquv yilini tashkil etishda amalga oshiriladigan tadbirlar toʻgʻrisida qoʻshma qaror loyihasini ishlab chiqdi.

BMTning bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) tavsiyalari asosida yaratilgan ushbu qaror loyihasida SOVID-19 pandemiyasi davrida xalq taʼlimi tizimidagi muassasalar maʼmuriyati, tibbiyot xodimlari, pedagoglar, texnik xodimlar, oʻquvchilar va ularning ota-onalari uchun alohida tavsiyalar aks etgan.

Qoʻshma qaror loyihasi bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi rasmiy veb-saytida batafsil tanishish mumkin.

Loyiha yuzasidan fikr va mulohazalar Shtab@minzdrav.uz elektron manzilida qabul qilinadi.

Bundan tashqari ushbu tavsiyalar hozirgi kunda nashr etilishi va har bir oʻquv muassasalariga tarqatilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ota-onalar, xalq taʼlimi tizimidagi muassasalar maʼmuriyati, tibbiyot xodimlari, pedagoglar, oʻquvchilar va ularning ota-onalari uchun pandemiya davrida eʼtibor berilishi kerak boʻlgan tavsiyalar haqida videorolik tayyorlamoqda.

Ushbu videorolik maktablar boshlanishidan oldin OAVda muntazam koʻrsatib boriladi.

Savol: Maktablar boshlanishga oz qolgan sari har bir ota-onani bolalar haqidagi maʼlumotlar qiziqtirmoqda. Hozirda bolalar orasida kasallanish va oʻlim koʻrsatkichlari qanday?

Javob: Respublika boʻyicha bugungi kunga qadar 89 755 nafar bola karantinga olingan boʻlib, ularning orasida COVID-19 aniqlanganlar 3932 nafarni (4,3%) tashkil qilmoqda.

COVID-19 aniqlanganlar orasida yoshi boʻyicha tahlil qilganimizda:

— 1 yoshgacha 190 nafarni (4,8%);

— 3 yoshgacha bolalar 683 (17,4%) nafarni;

— 3 yoshdan 7 yoshgacha bolalar 934 (23,8%) nafarni;

— 7-18 yoshgacha bolalar 2125 (54%) nafarida kasallik aniqlangan.

3932 nafar kasallanganlar orasida jami sogʻayganlar — 3293 nafarni (83.7%), bugungi kunda davolanayotganlar 639 nafarni (16,3%) tashkil etmoqda.

Hozirgi kunga qadar bolalar orasida kasallikning oʻta ogʻir kechishi kuzatilmadi, oʻlim holati boʻlmadi.

Yuqoridagi koʻrsatkichlar respublikamizda karantin eʼlon qilingan hamda maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi muassasalari faoliyat yuritmagan davrga toʻgʻri keladi.

Savol: Maktab direktoriman. Pandemiya davrida xodimlarning salomatligi va mehnatga layoqatini saqlab qolishda ularga qanday tavsiyalar bera olaman? 

Javob: Xodimlar oʻz imkoniyatlari chegaralarini bilishlari va stressli vaziyatlarda oʻzlariga qanday yordam berishni bilishlari juda muhimdir.

Quyida xodimlarning salomatligi va mehnatga layoqatini saqlab qolishda yordam beradigan tavsiyalar keltirilgan:

Nafas olish mashqini bajaring:

— hech kim sizni bezovta qilmaydigan qulay joyni toping;

— nafas olishda diqqatni jamlang, chalgʻimaslikka harakat qiling, telefoningizni uzoqroqqa qoʻying;

— burningiz orqali nafas olar ekansiz, har bir nafasni olishingiz davomiyligi beshga sanagunga qadar davom etsin;

— keyin besh soniya davomida sekin ogʻzingizdan nafas chiqaring;

— 3 va 4-bosqichlarni kamida bir daqiqa davomida takrorlang.

Boshqa odamlar bilan suhbatlashing.

Mavjud sharoitda ijtimoiy masofani saqlash majburiy chora boʻlsada, siz telefoningiz yoki kompyuteringizdan foydalanib, oilangiz va doʻstlaringiz bilan muloqotda boʻlishingiz mumkin.

Muntazam ravishda bir-bingizga qoʻngʻiroq qiling, bir-biringiz bilan nafaqat vaziyatingiz haqida, balki boshqa umumiy mavzular haqida ham suhbatlashib turishingiz uchun maʼlum vaqtni belgilang. Hamkasblar bilan suhbatlashing.

Uyqu rejimiga rioya qiling!

Uyqu gigiyenasi qoidalariga koʻra, kuniga 7-8 soat uxlash tavsiya etiladi.

Xona nimqongʻu va salqin boʻlishi kerak. Oxirgi ovqat yotishdan eng kamida ikki soat oldin tanovul qilingan boʻlishi kerak. Uyqudan bir soat oldin dush qabul qilish lozim va yotishdan oldin koʻp suv ichmaslik kerak.

Smartfoningiz bilan uxlamang! Buning oʻrniga sokinlashtiruvchi musiqa tinglang.

Boshqalardan oʻrganing!

Yangi paydo boʻlgan muammolarni hal qilishning ijobiy misollarini payqashga va qabul qilishga harakat qiling. Bu sizga yaxshi kayfiyatni saqlashga, oʻzingizning samaradorligingizni oshirishga va ishlashda davom etishda yordam beradi.

Hamma narsada ijobiy jihatlarni qidiring!

Ehtimol atrofimizdagi narsalarni oʻzgartira olmasligimiz mumkin, lekin ichimizdagi narsalarga taʼsir qilishimiz mumkin.

Sanitariya va gigiyena koidalariga rioya qilishni ham unutmang!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?